Bugun
45
O'zbek

Levandovski «Oltin to‘p»ning asosiy favoritlarini aytdi

Futbol
22 oktabr, 16:40
U bir nechta futbolchilar haqida iliq fikrlarini bildirdi.
Levandovski «Oltin to‘p»ning asosiy favoritlarini aytdi
Фото: Getty Images

«Barselona» va «Bavariya»ning sobiq hujumchisi, ayni paytda «Chikago Fayr» safida to‘p tepayotgan Robert Levandovski «Oltin to‘p» uchun asosiy da’vogarlar haqidagi fikrlarini bildirdi.

«Albatta, men Yamalning «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritishi tarafdoriman. U ajoyib futbolchi, ayniqsa, yoshini hisobga olsak. Shuningdek, Harri Keyn «Bavariya»ga faoliyatining eng gullagan davrida keldi. Uning maydonda ko‘rsatayotgan o‘yini hayratlanarli. U qanchadan-qancha gollar urmoqda! Ayniqsa, men jamoadan ketganimdan keyin «Bavariya»ga aynan shunday hujumchi yetishmayotgandi. Keyn bilan jamoa haqiqatan ham juda yaxshi o‘ynamoqda.

Olise haqida esa faqat bir narsani aytishim mumkin: «Vau!» U uchrashuv taqdirini o‘zgartirishga qodir futbolchi. Menimcha, Keyn, Olise va Diasning o‘zaro hamkorligi — ideal uyg‘unlik.

O‘tgan mavsumdagi o‘yinlariga qarasak, «Bavariya»ga yetishmagan yagona narsa Chempionlar ligasi kubogi bo‘ldi. Agar ular o‘tgan yili Chempionlar ligasida g‘olib chiqishganida, bu 2020-yilda biz barcha sovrinlarni qo‘lga kiritgan mavsumimiz kabi baholangan bo‘lardi. Chunki ular ajoyib futbol namoyish etishdi.

So‘nggi bir-ikki yilda Bundesliga men o‘ynagan davrga nisbatan biroz o‘zgardi. Masalan, «Bavariya»ning «Leypsig»ni 6:1 hisobida mag‘lub etganini olaylik. Balki chempionat uchun bunday natija eng maqbul holat emasdir. Ammo «Bavariya»ning rivojlanishi haqiqatan ham hayratlanarli. Ularning o‘yinidan o‘rganish mumkin bo‘lgan jihatlar ko‘p, boshqa jamoalar ham ulardan namuna olishga harakat qilishi mumkin.

Olisening kelajagi porloq. Bilaman, hamma Lamin haqida gapirmoqda. Ammo men ba’zan boshqa futbolchilarga ham e’tibor berishga, hali hamma ham payqamagan jihatlarni ko‘rishga harakat qilaman.

Menimcha, agar Olise jahon chempionatida bir-ikkita gol ursa, u ham Lamin yoki Keyn kabi «Oltin to‘p»ning asosiy da’vogarlaridan biriga aylanadi.

Uning qarorlari mukammal: u vaziyatni his qiladi, qachon darvozaga zarba berish kerakligini, qachon pas uzatish va qanday pas berish lozimligini yaxshi biladi. Laminning o‘yinini tomosha qilish menga juda yoqadi. Olisening harakatlarini kuzatish ham birdek zavqli. Ularning maydondagi o‘yinini tomosha qilishni yaxshi ko‘raman», — deya Levandovski so‘zlarini The Athletic nashri keltirmoqda.

Bugungi yangiliklar