«Barselona» Chempionlar ligasi umumiy bosqichining 3-turida «PSJ»ga qarshi bahsdan soʻng UEFAga shikoyat bilan murojaat qilmoqchi. Sport.es nashri xabariga koʻra, bunga parijlik muxlislarning oʻyin boshlanishidan oldin tribunada namoyish etgan banneri sabab boʻlgan.
Kataloniya klubi vakillari banner mazmunini nomaqbul deb hisoblagan. Unda «Texasdagi zanjirli arra qirgʻini» filmi qahramoni — Qotil yuz tasvirlangan. U «PSJ» libosida, qoʻlida zanjirli arra bilan «Barselona» logotipini kesayotgan holatda aks etgan. Bannerda «Parijcha qirgʻin» degan yozuv ham boʻlgan.
Maʼlumot uchun, «PSJ» va «Barselona» oʻrtasidagi bahs 4:2 hisobida parijliklar foydasiga yakunlandi. Desire Due 38-daqiqada hisobni ochdi, Xavi Espart 55-daqiqada tenglikni tikladi. Lukas Ernandes 72-daqiqada mezbonlarni yana oldinga olib chiqdi, Lamin Yamal esa 79-daqiqada hisobni tenglashtirdi. Biroq Vitinya va Fabian Ruisning gollari «PSJ»ga gʻalaba keltirdi.
