«Barselona» La Liga doirasida «Real»ga qarshi klassikoda tarixiy natijaga erishish arafasida turibdi.
Kataloniyaliklar turnir jadvalida raqibidan 11 ochkoga oldinda bormoqda va ushbu bahsda g‘alaba qozonsa, 2025/26 mavsum chempionligini rasman ta’minlaydi. Hatto durang natija ham «ko‘k-anorranglilar» uchun yetarli bo‘ladi.
Qayd etilishicha, «Barselona» o‘z tarixida hali hech qachon aynan klasiko doirasida chempionlikni rasmiylashtirmagan.
Shuningdek, ushbu bahs yana bir tarixiy ko‘rsatkichga ham ta’sir qilishi mumkin. Hozirgi kunda rasmiy o‘yinlarda «Real» 106 g‘alaba bilan oldinda, «Barselona» hisobida esa 105 ta g‘alaba bor. Agar mezbonlar zafar quchsa, o‘zaro o‘yinlar statistikasi tenglashadi.
«Barselona» ushbu mavsumda o‘z maydonida juda ishonchli harakat qilmoqda — jamoa 17 ta uy bahsining barchasida g‘alaba qozonib, 52 ta gol urgan va atigi 9 ta gol o‘tkazgan.
Aksincha, «Real» safarda barqaror o‘yin ko‘rsata olmayapti: madridliklar 17 ta safar bahsida 3 marta mag‘lub bo‘lib, 4 bor durang qayd etgan.
Ma’lumot uchun, jamoalar o‘rtasidagi so‘nggi klasikoda «Barselona» Ispaniya Superkubogi finalida «Real»ni mag‘lub etgandi.