«Manchester Siti» futbolchilari Antuan Semenyo va Mark Gehi irqchilikka duch keldi. Klub rasmiy bayonot bilan bunday holatni keskin qoraladi.
Ma’lum qilinishicha, «Everton»ga qarshi bahs (3:3) vaqtida Semenyo stadionda irqchilik mazmunidagi haqoratlarga uchragan. Ushbu holat yuzasidan Mersisayd politsiyasi 71 yoshli muxlisni qo‘lga oldi.
Keyinchalik u garov evaziga qo‘yib yuborilgan, biroq unga qat’iy cheklovlar qo‘yildi: endilikda u o‘yinlardan oldin, davomida va undan keyin stadionlarga yaqinlashishi taqiqlangan.
Shuningdek, Mark Gehi ijtimoiy tarmoqlarda irqchilikka oid haqoratomuz xabarlar nishoniga aylangani qayd etildi.
«Manchester Siti» bayonotida shunday deyiladi: «Biz Semenyo va Gehiga nisbatan bo‘lgan irqchilikni keskin qoralaymiz. Futbolda bunday holatlarga o‘rin yo‘q. Futbolchilarimizni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz».
«Everton» ham bu borada qat’iy pozitsiyani bildirdi: «Irqchilik va har qanday diskriminatsiya mutlaqo qabul qilinmaydi. Bunday xatti-harakatlar sportda ham, jamiyatda ham bo‘lishi mumkin emas».
Klub tezkor choralar ko‘rilganini va tergov organlari bilan hamkorlik davom etishini ta’kidladi.