Pley-off finalida «Midlsbro»ni mag'lub etib, Premyer-liga yo'llanmasini qo'lga kiritgan «Hall Siti» 2026/2027 yilgi mavsumni ochkolar bo'yicha minus ko'rsatkich bilan boshlash xavfi ostida turibdi. Bunga sabab — foyda va moliyaviy barqarorlik qoidalarining buzilishi. Klub 1 iyulga qadar taxminan 6 million funt sterling miqdoridagi taqchillikni qoplashi shart, aks holda elita divizionda 6 ochkolik jarima qo'llanadi.
«Yo'lbarslar» klubi egasi Akun Ilijali «Em-Key-Em Stadion»da muxlislar bilan uchrashuv chog'ida bu muammoni tan oldi.
«Biz mablag'ni reja ortiq sarflab yubordik va 1 iyulgacha bir nechta futbolchilarni sotishga majburmiz. Bundan qo'rqmayman, biz bundan ham murakkab vaziyatlarni engib o'tganmiz. Endi biz Premer-liga klubimiz, futbolchilarimizning qiymati oshdi va bu biz uchun yaxshi ustunlikdir», — dedi u.
Moliyaviy ekspert Kiran Maguayrning tushuntirishicha, uch yil davomida ruxsat etilgan 39 million funt sterlinglik zarar limiti oshib ketishiga futbolchilar shartnomalarida ko'zda tutilgan Premer-ligaga chiqish bonuslari sabab bo'lgan. Odatda bunday bonuslarning umumiy qiymati bir jamoa uchun 10–15 million funtni tashkil etadi va aynan shu to'lovlar klubni «beixtiyor limitdan chiqarib yuborgan».
Klub David Akintola, Abu Kamara va Kayl Palmer bo'yicha tushadigan takliflarni ko'rib chiqishga tayyor. Shu bilan birga, bir nechta Chempionship klublari qiziqish bildirgan hujumchi Kayl Jozefning transferi taqchillikning katta qismini qoplashi mumkin.
Shu bilan birga, «Hall Siti» jamoaning asosiy futbolchilari bilan xayrlashish niyatida emas. Ular orasida mavsumning eng yaxshi o'yinchisi deb topilgan Rigan Sleyter hamda yosh himoyachi Charli Hyuz bor. Ularning har ikkisi bo'yicha ham allaqachon so'rovlar kelib tushgan.
APL klubi mavsumni 6 ochkolik jarima bilan boshlashi mumkin
Futbol
17 iyun, 16:05
Bir qancha yetakchi futbolchilar sotib yuboriladi.
Foto: Getty Images