Madridning «Real» klubi hujumchisi Kilian Mbappe tizzasidan olgan jarohatidan so‘ng, birinchi mashg‘ulotini o‘tkazdi, deb xabar bermoqda AS. Hujumchi 5-oktyabr, dushanba kuni kechqurun Valdebebasdagi klub bazasida jamoadan alohida mashg‘ulot o‘tkazdi.
Qayd etilishicha, Mbappe sport zalida ishlagan, fizioterapevtlar bilan shug‘ullangan, so‘ngra maydonga tushgan. U to‘p bilan mashqlarni ehtiyotkorlik bilan bajardi va jismoniy tayyorgarligi ustida ish olib bordi. Ma’lum qilinishicha, bugun, 6-oktyabr kuni fransiyalik futbolchi klub bazasiga soat 9:10 da yetib kelgan, vaholanki jamoaning mashg‘uloti 10:30ga rejalashtirilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Kilian 10 kun avval Fransiya milliy jamoasining Turkiyaga qarshi o‘yinida chap tizzasidan jarohat olgan edi. Tekshiruv natijasida chap tizza orqa kapsulasining giperekstenziyasi aniqlandi. Hujumchi o‘tgan mavsumda aynan shu tizzasi paylaridan jiddiy jarohat olgani sababli, klubda xavotirlar paydo bo‘ldi. Tiklanish 10-12 kun davom etishi kutilgan edi. Mbappe 10-oktyabr, shanba kuni «Vilyarreal» bilan o‘ynashi ham ehtimoldan xoli emas.