Live
4
O'zbek

«8-mavsum o‘tkazishim — mahalliy futbolning bir qismiga aylanganimdan dalolat» - Javlon Guseynov

Eksklyuziv
6 oktabr, 10:33
Tribuna.uz jurnalisti bir qator qiziqarli masalalarda Javlon bilan suhbat uyushtirdi.
«8-mavsum o‘tkazishim — mahalliy futbolning bir qismiga aylanganimdan dalolat» - Javlon Guseynov
Фото: Persita Tangerang

2019 yildan beri Indoneziya chempionatida to‘p tepib kelayotgan hamyurtimiz Javlon Guseynovni yaxshi bilsangiz kerak-a?

Tajribali himoyachi yettinchi yildirki, bitta mamlakatda o‘ynab kelmoqda. Avvaliga «Borneo»da 2023 yilgacha o‘ynadi. Shundan beri «Persita» sharafini himoya qilib kelmoqda. Guseynov Indoneziyada o‘z mehnati orqali yaxshigina obro‘-e’tiborga ega bo‘ldi.

Tribuna.uz jurnalisti bir qator qiziqarli masalalarda Javlon bilan suhbat uyushtirdi.

- Javlon, 2019 yilda Indoneziyaga ilk bor borganingizda, ehtimol, bu mamlakatda futbolchilik faoliyatingiz shunchalik uzoq davom etishini tasavvur qilmagandirsiz. Bugun ortga qarab, Indoneziyadagi 7 yillik faoliyatingizni qanday baholaysiz?

- Avvalambor, e’tibor uchun rahmat. Ha, albatta, o‘zim ham tasavvur qilmagandim, ko‘p yillar faoliyatim shu yer bilan bog‘liq bo‘lishini. Ijobiy baholayman, har taraflama.

- Siz 2019–2023 yillarda «Borneo»da, keyin esa «Persita»da to‘p surdingiz. Ikki klubdagi muhit, talab va futbol falsafasi o‘rtasida qanday farq bor? Qaysi jamoada futbolchi sifatida o‘zingizni ko‘proq ocha oldingiz?

- Ikki jamoada muhit ajoyib va bir-biriga o‘xshash jihatlari bor. «Borneo»da bo‘lgan paytim klub endi oyoqqa turayotgan va rivojlanishni boshlayotgan jamoa edi. Hozirga kelib o‘z oldiga chempionlik maqsadlarini qo‘yadigan darajaga chiqishdi. U klubdan albatta minnatdorman, chunki ular sababli Indoneziya futbolida tanilishimga sababchi bo‘lgan.

Hozirgi jamoamni ajralib turadigan sifati — ko‘proq yoshlarni rivojlantirishga urg‘u berishadi. Har yili kamida 3–4 nafar yosh futbolchi ligada debyut qiladi va Superliga o‘yinchisi sifatida rivojlanadi. Har ikkala klubda qaysidir sifatlarimni yaxshilashga erishdim, deb o‘ylayman.

- Indoneziya futboli O‘zbekiston futboliga qaraganda ancha boshqacha muhitga ega. Birinchi yillarda sizga eng qiyin bo‘lgan jihat nima edi va bu muhitga moslashish jarayonida o‘zingizda nimani o‘zgartirishga to‘g‘ri keldi?

- To‘g‘risi, moslashishim juda qiyin kechdi, deb aytolmayman. Bunga albatta mahalliy yigitlarning yordamini alohida ta’kidlab o‘tgan bo‘lardim. Futbol tomondan o‘zgarishga sabablar bo‘lmadi, lekin futboldan tashqari taomlarga, odamlarning aytilgan vaqtda ish bajarmasligi va shunga o‘xshash narsalarga ko‘nikishim qiyin kechdi.

- Sizning Indoneziyadagi eng katta yutug‘ingiz faqat maydondagi natijalar bilan cheklanmaydi. Siz hatto mahalliy OAVga indonez tili­da intervyu beryapsiz. Tilni o‘rganish va mahalliy madaniyatni qabul qilish sizga futbolchi sifatida ham, inson sifatida ham nima berdi?

- Tilni o‘rganishim menga katta plyus bo‘ldi. Jamoadoshlarim bilan va kundalik hayotimda muloqot qilishim osonlashdi. Inson sifatida katta o‘sishga erishdim, dunyoqarashim kengaydi.

- Indoneziyada o‘zbekistonlik futbolchi sifatida sizga bo‘lgan munosabat qanday? Mahalliy muxlislar va jurnalistlar sizda nimani qadrlashadi, deb o‘ylaysiz?

- Shu kungacha, Xudoga shukr, munosabat yaxshi, lekin hammaga yoqaman, deya olmayman (kuladi). Qaysi jihatimni qadrlashlarini endi ulardan so‘rash kerak.

- Siz bir necha yildan beri Indoneziyada­siz. Mahalliy futbolchilar bilan bir maydonda o‘ynab, ularni yaqindan kuzatgan inson sifatida, Indoneziya futbolining biz O‘zbekistonda ko‘pincha sezmaydigan eng kuchli tomoni nimada, deb o‘ylaysiz?

- Agar futbolchilarni nazarda tutsak, menimcha, mahalliy futbolchilar maydonda erkinroq harakat qilishi. Muxlislik!

- Aksincha, O‘zbekiston futbolida bor, ammo Indoneziya futbolida siz yetishmayotgan deb hisoblaydigan jihatlar bormi? Agar O‘zbekiston futboli Indoneziya tajribasidan nimanidir olishi kerak bo‘lsa, bu nima bo‘lar edi?

- Futbolchilarning fizik holati va taktik tomondan tushunchasi bizda kuchliroq, deb o‘ylayman. O‘zbek futboli Indoneziya klublaridan marketing va media sohasida o‘rgansa bo‘ladigan jihatlar bor. Chunki hamma jamoa xususiy bo‘lgani uchun bu tomonlari ustunroq.

- Sizning Indoneziyadagi faoliyatingiz davomida futbolga bo‘lgan qarashingiz ham o‘zgargan bo‘lsa kerak. 2019 yildagi Javlon bilan bugungi Javlon o‘rtasidagi eng katta farq nimada?

- Ko‘p yomon illatlar qolib, ko‘p yaxshilariga ega bo‘lganim. Futbolchi va inson sifatida o‘sganimda.

- O‘zbekistonlik futbolchining xorijda uzoq yillar davomida bir mamlakat chempionatida barqaror o‘ynashi kam uchraydi. Sizningcha, buning asosiy sababi nimada: professional yondashuv, mentalitet, til va madaniyatga moslashish yoki boshqa omillardami?

- Siz aytib o‘tgan omillar albatta katta rol o‘ynaydi. Bularga qo‘shimcha qilib, o‘zimni bu yerda qulay his qilishimni aytib o‘tardim.

- Indoneziyada sizga nisbatan ishonch va obro‘ shakllanganini ko‘rish mumkin. Bu obro‘ni saqlab qolish maydonda yaxshi o‘ynashdan ko‘ra qiyinroqmi? Siz o‘zingizni mahalliy futbol muhitining bir qismi sifatida his qilasizmi?

- Ishonchga erishish qiyin, lekin uni saqlab qolish yanada qiyinroq. Maydonda va maydon tashqarisida har doim bu ishonchni oqlashga harakat qilaman. 8-mavsum o‘tkazishim balki mahalliy futbolning bir qismi deb aytishga loyiqdirman.

- Endi faoliyatingizning keyingi bosqichi haqida. Indoneziyada qolish, boshqa mamlakat chempionatida o‘zingizni sinab ko‘rish yoki O‘zbekistonga qaytish — qaysi variant siz uchun qiziqroq? Faoliyatingiz yakunini qayerda ko‘rishni istaysiz?

- O‘zimga ham qiziq bu narsa. Ko‘proq Indoneziyada qolish varianti menga yaqinroq.

- Va yakunda biroz boshqacha savol: agar Indoneziyaga 2019 yilda ilk marta yo‘l olgan yosh Javlon Guseynov hozirgi Javlon bilan gaplasha olganida, unga eng birinchi qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?

- Ajoyib savol. Agar bunday imkoniyat bo‘lganida, «to‘g‘ri qaror qabul qilding, har bir lahzadan zavqlan», derdim.

Bugungi yangiliklar