Live
12
O'zbek

Andrey Shipilov: "Bugun futbolchilar juda ko'p kuch sarflashdi"

Eksklyuziv
15 avgust, 14:44
"Qo'qon-1912" ustozining "Lokomotiv"ga qarshi bahsdan so'ng o'z fikrlarini bildirdi.
Andrey Shipilov: "Bugun futbolchilar juda ko'p kuch sarflashdi"
Фото: Қўқон-1912 ПФК
15.08.2026 FT O‘zbekiston Superligasi Qo'qon-1912 Qo'qon-1912 2 : 1 Lokomotiv Tashkent Lokomotiv Tashkent

Nihoyat, qo'qonliklar g'alaba nishadasini surishdi. O'z maydonida "Qo'qon-1912" "Lokomotiv"ni qabul qildi va 2:1 hisobida g'alaba qozondi. Uchrashuvdan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Andrey Shipilov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- Andrey Sergeyevich, avvalo, o'yin haqida fikringiz?

- Yaxshi, juda jonli va asabiy kechgan o'yin bo'ldi. Bugun biroz omadimiz ham keldi, ikkita yaxshi va tezkor gol urdik. Umuman, o'yin davomida ayrim almashtirishlarni amalga oshirdik. Shundan keyin biroz pasayib qoldik, to'g'rirog'i, ongli ravishda emas, biroz o'zimiz bilmagan holda orqaga chekindik. Juda ko'p kuch sarflandi — ham raqib, ham biz tomondan. Shuning uchun o'yinning yakuniy qismi juda asabiy kechdi. Tushunarsiz tarzda bir gol o'tkazib yubordik. Bu kimning xatosi — bizningmi yoki raqibning xizmatimi, aniq aytish qiyin. Lekin bugun biz g'alabaga munosib edik, deb hisoblayman. Chunki biz bu g'alabaga juda uzoq vaqt intilib keldik. Safarda ham yomon o'yin o'tkazmagan edik. Shuning uchun bugun yigitlarga: "Boshqa yo'l yo'q, bu vaziyatdan faqat o'z kuchimiz bilan chiqishimiz mumkin", dedim. Avvalo, o'zimizga bo'lgan ishonchni tiklashimiz kerak edi. Shuning uchun futbolchilarimni tabriklayman. Bugun ular o'zlarida bor barcha kuchni maksimal darajada ishga solishdi. Juda og'ir bo'ldi: havo dim, maydon ham unchalik yaxshi holatda emas edi. Bunday sharoitda o'ynash oson emas.

- Jamoamiz so'nggi 20 daqiqada ancha pasayib ketdi, umuman o'yindan chiqib qolgandek bo'ldi. Bu charchoq bilan bog'liqmi?

- So'nggi 20 daqiqada, aytganimdek, haqiqiy "yo'ng'in" bo'ldi. Bu avvalo, psixologik holat bilan bog'liq. Birinchidan, hisobni ushlab qolish kerak edi. Ikkinchidan, siz to'g'ri aytganingizdek, jismoniy jihatdan ham biroz pasaydik. Juda og'ir bo'ldi. Maydon ham o'z ta'sirini ko'rsatdi, juda og'ir sharoit edi. Bundan tashqari, jamoa zimmasida katta mas'uliyat bor edi. Biz ancha vaqtdan beri g'alaba qozona olmayotgandik. O'z maydonimizda so'nggi marta "Bunyodkor"ni mag'lub etgan edik. Shundan keyin natija jihatidan yaxshi bo'lmagan bir qator o'yinlar o'tkazdik. O'yin sifati borasida esa jamoada doim harakat bor. Bugun esa sifatli futbol ko'rsatish juda qiyin edi. Hisob 2:0 bo'lganida yana bir gol urgandik, 3:0 bo'lsa, o'yin masalasi hal bo'lar edi. Ammo bunday bo'lmadi. Raqib ham, biz ham almashtirishlar qildik. Qaysi almashtirish kuchaytirdi, qaysi biri aks ta'sir qildi — buni o'yin jarayonida aniqlash qiyin. Futbolchilarning o'zlari ham almashtirish so'ray boshlashdi.

Nimeli ham, Javohir Siddiqov ham almashtirishni so'rashdi. Ularga oxirigacha o'ynash juda og'ir bo'ldi. Men ham hech kimni majburan maydonda ushlab turmadim. Odatda bunday holat kam uchraydi — futbolchilarning o'zlari almashtirish so'rashi juda kamdan-kam bo'ladi. Lekin bugun haqiqatan ham juda og'ir o'yin bo'ldi. Siz o'zingiz ham ko'rdingiz, "Lokomotiv" futbolchisi maydonni tark etganda, uning ham oyoqlari tortishib qolgan edi. Demak, bugungi sharoitda hamma uchun juda qiyin bo'ldi.

- Bugungi g'alabada omadning ham hissasi bor, deyish mumkinmi?

- Albatta, omad ham biz tomonda bo'ldi. Eng muhimi, biz ikkita tezkor gol urdik. O'yin oldidan futbolchilarga yuqorida o'ynash, agressiv harakat qilish kerakligini aytgandim. Biz raqibga qarshi faqat himoyalanib o'tirmadik. Ikkita golni ham osmonda tushirib olganimiz yo'q — maydonda kurashdik, raqibni xatoga majbur qildik. Bugun omad ham biz tomonda bo'ldi. Chunki bungacha qancha vaziyatlar yaratdik, lekin ulardan foydalana olmadik. Bugun futbolchilarga bir narsani aniq aytdim: gol urmasak, g'alaba qozona olmaymiz. Qanday o'ynamaylik, qancha to'p nazoratiga ega bo'lmaylik, qancha vaziyat yaratmaylik — darvoza bor, darvozabon bor va gol urish kerak. Xudoga shukur, bugun hammasi biz uchun yaxshi tomonga hal bo'ldi.

Endi Toshkentdagi safar o'yiniga tayyorgarlik ko'ramiz. Tiklanish uchun odatdagidan bir kun kam vaqtimiz bor. Menimcha, keyingi uchrashuvda uch-to'rt futbolchi tarkibda rotatsiya qilinishi mumkin. Chunki bugun futbolchilar juda-juda ko'p kuch sarflashdi. Xudoga shukur, hech kim jarohat olmadi. Shuning uchun jiddiy jismoniy muammolar haqida gapirishga hojat yo'q. Agar kimdir jarohat olganida yoki mushaklari tortishib qolganda, vaziyat boshqacha bo'lardi.

Hozir esa shunchaki charchoq. Futbolchilarning yurak-qon tomir tizimi ham o'z chegarasiga yetganini ko'rdik. Biz bu ko'rsatkichlarni kompyuter orqali kuzatib boramiz, hammasi ko'rinib turadi. Shuning uchun, Xudoga shukur, bugungi o'yin ham, barcha qiyinchiliklar ham ortda qoldi. Endi tiklanib, keyingi uchrashuvga tayyorlanamiz. Boshqa yo'l yo'q. Boshqa variant ham yo'q. G'alaba qozonishimiz kerak. G'alaba, g'alaba va yana g'alaba!", - deya Shipilovning so'zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Qo'qon-1912 Qo'qon-1912
  • Lokomotiv Tashkent Lokomotiv Tashkent
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar