Live
14
O'zbek

Quvondiq Ro‘ziev: "Buxoro" kuchli uchlikdan joy olishi uchun kurashamiz

Futbol
15 avgust, 12:10
Klub matbuot xizmati esa futbolchi bilan suhbatlashdi.
Quvondiq Ro‘ziev: "Buxoro" kuchli uchlikdan joy olishi uchun kurashamiz
Фото: Бухоро ПФК

"Buxoro" transfer oynasining so‘nggi kuni o‘z safiga tajribali yarim himoyachi Quvondiq Ro‘zievni qo‘shib oldi. Ro‘ziev o‘zining debyut uchrashuvini o‘tkazib, ilk o‘yinidayoq golli uzatmani amalga oshirdi. Klub matbuot xizmati esa futbolchi bilan suhbatlashdi.

– "Buxoro" tarkibidagi debyut uchrashuvingiz va qo‘lga kiritilgan ishonchli g‘alaba bilan tabriklaymiz! Birinchi o‘yinishingizda chiroyli assistni amalga oshirdingiz. Dastlabki taassurotlaringiz qanday?

– Avvalambor, Buxoro ahlini muhim g‘alaba bilan tabriklayman. Barcha futbolchilar murabbiylarimiz ko‘rsatmalarini astoydil bajarishga harakat qildi va o‘ylangan rejalarimiz amalga oshdi. O‘yin oxirigacha sabr qildik va ijobiy natijani qo‘lga kiritdik. Debyut uchrashuvimda jamoam g‘alabasiga hissa qo‘shganimdan xursandman.

– Jamoa tarkibiga kelib qo‘shilganingizga hali ko‘p bo‘lmadi, moslashish jarayonlari qanday kechmoqda?

– Jamoaga asta-sekin moslashyapman. Bu yerda ham oldin bir jamoada harakat qilgan bir nechta do‘stlarim bor. Ko‘rinib turibdi jamoamiz juda ahil va yaxshi kollektiv yig‘ilgan, shu sababli moslashish jarayoni oson kechmoqda.

– "Buxoro" jamoasiga transfer oynasining so‘ngi kunida kelib qo‘shildingiz. Jamoaga kelish varianti qanday paydo bo‘ldi? Qaror qabul qilishda nimalar muhim bo‘ldi?

— Jamoaga kelishimga direktorimiz Shavkat Salomovning hissasi katta bo‘ldi. Murabbiy meni o‘z jamoasida ko‘rishni xohlashini tushuntirdi. Shu sababli jamoaning ko‘rsatayotgan o‘yini va turnir jadvalidagi o‘rnidan kelib chiqib, "Buxoro" taklifini o‘ylab o‘tirmasdan qabul qildim.

– Ayni vaqtda "Buxoro" jamoasi musobaqa jadvalida kuchli uchlikda bormoqda. Jamoaning potensialini qanday baholaysiz?

– Jamoamizning yuqori uchlikda turishi to‘satdan bo‘lib qolgan yo‘q. Buning tagida katta mehnat bor, nafaqat futbolchilar, murabbiylar, butun rahbariyat, hammanning mehnati yotibdi. Shu sababli hozirgi kunda Superligada yuqori o‘rinlarda bo‘lish men o‘ylaymanki ajoyib natija. Chunki "Navbahor", "OKMK", "Nasaf" kabi kuchli jamoalar bilan qizg‘in kurash kechmoqda va bu oxirigacha davom etsa kerak. Shu sababli jamoa tasodifan bu o‘rinlarda emas, rahbariyatning qo‘llab-quvvatlashi, izlanishlar va qattiq mehnat sabab bo‘lsa kerak

– Keyingi turda sobiq jamoangiz "Neftchi" klubiga qarshi maydonga tushamiz. Mazkur bellashuvdan nimalar kutyapsiz?

– Albatta, amaldagi chempionlarga qarshi o‘ynash har doim qiziq bo‘ladi. Manimcha, o‘yin kuni muxlislar stadionni to‘ldirishadi. Tabiiyki, biz muxlislar qarshisida har doim g‘alaba uchun to‘p suramiz. Muxlislar qo‘llab-quvvatlashi bizga qo‘shimcha kuch bag‘ishlaydi. Shu sababli g‘alaba qozonish uchun bizda imkoniyat bor deb o‘ylayman va buning uchun maydonda bor kuchimizni ishga solamiz.

– Buxorolik muxlislar mavsum davomida sizdan ko‘p narsa kutishadi. Boisi jamoamiz tarkibidagi eng tajribali futbolchilardan birisiz…

– Buni juda yaxshi his qilib turibman. Jamoaga yordam berish uchun kelganman. Bu har bir futbolchining vazifasi deb o‘ylayman. Jamoa chempionat oxirida kuchli uchlikdan joy olishi uchun bor kuchim bilan harakat qilaman. Muxlislar ishonchi uchun katta rahmat aytib qolaman.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Buxoro Buxoro
Bugungi yangiliklar