Joze Mourinio nihoyat “Real” Madridning to'liq tarkibi bilan ishlash imkoniyatiga ega bo'ldi. Endi portugaliyalik murabbiy oldida jamoaning eng katta qurolini — Kilian Mbappe, Vinisius Junior, Yan Diomande va Jud Bellinghemdan iborat hujumkor to'rtlikni bir tizimda samarali ishlatish vazifasi turibdi, deb yozmoqda “AS”.
Mazkur kvartetning umumiy bozor qiymati Transfermarkt ma'lumotlariga ko'ra, 590 mln yevroni tashkil etadi. Mbappe 200 mln, Bellinghem 160 mln, Vinisius 140 mln va Diomande 90 mln yevro deb baholanmoqda. “Real” esa ushbu futbolchilar uchun jami 313 mln yevro atrofida mablag' sarflagan: Mbappe uchun transfer puli to'lanmagan, Diomande 125 mln, Vinisius 45 mln, Bellinghemesa 103 mln yevroga olingan.
Eng muhimi, to'rtlikning o'tgan mavsumdagi statistikasi ham ularning salohiyatini ko'rsatib turibdi. Mbappe 42 gol va 7 ta golli uzatma, Vinisius 22 gol va 14 ta assist, Diomande 13 gol va 10 ta assist, Bellinghem esa 8 gol va 5 ta golli uzatma qayd etgan. Shu tariqa, ular birgalikda 85 ta gol va 36 ta assistga hissa qo'shgan.
Mourinio hozircha asosiy taktika sifatida 4-2-3-1 sxemasini tanlamoqda. Unda Mbappe markaziy hujumchi sifatida harakat qiladi, Bellingem uning ortidagi “o'nlik” pozitsiyasida o'ynaydi, Vinisius va Diomande esa qanotlarni egallaydi. Bu sxema ingliz futbolchisining jarima maydoniga yaqinroq harakat qilishi va gol urish imkoniyatlarini oshirishi bilan ahamiyatli.
“Real”ning mazkur to'rtligi hujumdagi raqamlari bo'yicha Yevropaning eng kuchli jamoalari bilan ham raqobatlasha oladi. Masalan, Mbappe, Vinisius va Diomande uchligi o'tgan mavsum 77 gol va 31 ta assist qayd etgan. “Bavariya”ning Keyn, Luis Dias va Olise triosi 109 gol va 61 ta assist bilan bu ko'rsatkichda ustun kelgan. “Barselona”ning Ferran Torres, Rafinya va Lamin Yamaldan iborat uchligi esa 85 gol va 33 ta assist qayd etgan.
Endi Mourinioning asosiy vazifasi shu qadar kuchli hujumkor futbolchilarni bir vaqtning o'zida maydonga tushirib, jamoa muvozanatini saqlab qolishdan iborat.
Madridliklarning 16 avgust kuni “Shalke”ga qarshi o'rtoqlik uchrashuvi yangi tizimni sinab ko'rish uchun so'nggi imkoniyat bo'ladi. “Real” 22 avgust kuni La Liganing yangi mavsumini “Espanol”ga qarshi boshlaydi.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi