Live
4
O'zbek

Frenkie de Yong: "Yolg'on xabarlar imijimga zarar yetkazmoqda"

Futbol
14 avgust, 08:02
"Barselona" yarim himoyachisi jarohati va Flik bilan munosabati haqida gapirdi.
Frenkie de Yong: "Yolg'on xabarlar imijimga zarar yetkazmoqda"
Foto: Barca Blaugranes

Frenkie de Yong "Barselona"dagi kelajagi, jarohati, Hansi Flik bilan munosabati va klubga bo'lgan sadoqati haqida tarqalayotgan xabarlarga keskin munosabat bildirdi. Niderlandiyalik yarimhimoyachi klubning rasmiy media kanallariga bergan intervyusida uning imijiga zarar yetkazayotgan yolg'on ma'lumotlarga oydinlik kiritishga qaror qilganini aytdi. Bu haqda "Marca" nashri xabar bermoqda.

De Yongning ta'kidlashicha, so'nggi tibbiy tekshiruv jarohati avval taxmin qilinganidan jiddiyroq ekanini ko'rsatgan. Uning aytishicha, AQShdagi mashg'ulot vaqtida raqib futbolchi uning ustiga tushib ketgan va tizzasida muammo paydo bo'lgan. Dastlabki tekshiruvdan keyin unga og'riq bilan bo'lsa ham o'ynashda davom etishi mumkinligi, jarohat esa og'irlashmasligi aytilgan.

"Futbol o'ynashni juda yaxshi ko'raman. Ayniqsa, "Barselona" va terma jamoa uchun o'ynashni. Jahon chempionati esa orzu. Shuning uchun imkonim boricha maydonga tushishga harakat qildim”, — dedi futbolchi.

Biroq keyingi tekshiruvda jarohat jiddiylashgani ma'lum bo'lgan. De Yong bu xabarni qabul qilish unga og'ir bo'lganini aytdi. Hozir futbolchi tiklanish jarayoni uchun klub bilan birgalikda maxsus reja ishlab chiqqanini ta'kidladi.

Shu bilan birga, niderlandiyalik futbolchi uning professionalligi va klubga munosabati haqida tarqalayotgan xabarlardan norozi. Uning aytishicha, ayrim jurnalistlar yolg'on ma'lumotlarni tarqatib, uning jamoatchilik oldidagi imijiga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda.

"Juda ko'p yolg'on xabarlar chiqyapti. Bu mening imijimga zarar yetkazayotganini va ayrim odamlarning men haqimdagi fikriga ta'sir qilayotganini sezayapman”, — dedi De Yong.

Futbolchi Hansi Flik bilan munosabati yomonlashgani haqidagi xabarlarni ham rad etdi. De Yong bosh murabbiy bilan munosabati yaxshi ekanini, ular muntazam suhbatlashib turishini aytdi. Shuningdek, uning klub rahbariyati bilan ham muammosi yo'qligini ta'kidladi.

"Flik bilan munosabatim yomon ekani mutlaqo yolg'on. Klub bilan munosabatim yomonligi haqidagi gaplar ham haqiqat emas. Rahbariyat va klubdagi boshqa odamlar bilan ko'p gaplashaman”, — dedi u.

De Yong o'tgan mavsumda Chempionlar ligasida "Atletiko"ga qarshi o'ynashdan bosh tortgani haqidagi xabarni ham keskin rad etdi. "Bu yolg'on. Bu, shunchaki, haqiqatdan yiroq”, — dedi futbolchi.

32 yoshli yarim himoyachi "Barselona"da qolish niyati borligini ham yana bir bor bildirdi. U klubda yetti yildan beri o'ynayotganini va hali amalga oshirishi kerak bo'lgan orzulari ko'pligini aytdi. De Yong jamoaning yangi mavsumdagi asosiy maqsadlaridan biri Chempionlar ligasida g'olib chiqish ekanini ta'kidladi.

Futbolchi muxlislarni ham qiyin vaziyatda jamoani qo'llab-quvvatlashga chaqirdi. Uning fikricha, jarohat sabab hozir og'ir davrni boshdan kechirayotgan bo'lsa-da, "kules"larning qo'llab-quvvatlashi unga kuch bermoqda. De Yong yangi transferlardan ham mamnun ekanini aytib, ularning jamoaga moslashishiga yordam berayotganini qo'shimcha qildi.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Barselona Barselona
  • Ispaniya La Ligasi Ispaniya La Ligasi
Bugungi yangiliklar