Live
5
O'zbek

Ronaldu va Jorjinaning to‘yida uning oilasi qatnashmagan

Futbol
14 avgust, 09:19
Jorjina nikoh marosimidan keyin ham o‘zining qizlik familiyasini saqlab qolgan.
Ronaldu va Jorjinaning to‘yida uning oilasi qatnashmagan
Foto: Instagram/Georgina Rodríguez

Krishitanu Ronaldu va Jorjina Rodriges 11 avgust kuni rasmiy ravishda nikohdan o'tgani xabar qilingan edi. Portugaliyaning “Jornal de Notícias” nashrining yozishicha, marosim Kashkayshdagi juftlik qarorgohida maxfiy tarzda o'tkazilgan va unda Ronalduning onasi, akasi hamda opa-singillari ishtirok etmagan.

Fuqarolik nikoh marosimi juftlikning bir yil avvalgi nikoh taklifidan keyin tashkil etilgan. Tantana kunduzi bo‘lib o‘tgan va Portudan maxsus kelgan fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish xodimi tomonidan o'tkazilgan. Ronaldu va Jorjina nikoh uzuklari aks etgan suratni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirib, unga ismlarining bosh harflari — “C❤️G”ni yozgan.

Marosimda juftlikning besh nafar farzandi — kichik Krishitanu, Eva, Mateo, Alana Martina va Bella Esmeralda ham qatnashgan. Nikohda guvoh sifatida Ronalduning “Sporting”dagi davridan buyon do‘sti bo‘lgan Migel Payshau, Jorjinaning opasi Ivana Rodriges, ispaniyalik zargar Xose Rodriges Sangil va uning rafiqasi Monika Gonsales Martinez ishtirok etgan.

Nikoh guvohnomasida juftlikning doimiy yashash manzili Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod ekani ko‘rsatilgan. Shuningdek, Ronaldu ham, Jorjina ham nikohdan keyin familiyasini o‘zgartirmagan. Shu tariqa, Jorjina Rodriges nikohdan keyin ham o‘zining qizlik familiyasini saqlab qolgan.

Marosimda Ronalduning oila a'zolari — onasi Dolores, akasi va opa-singillari qatnashmagan. Tantana ommadan uzoqda va yopiq tarzda o'tkazilgan. Biroq bu holat oilada ziddiyat borligini anglatmasligi mumkin. Ronalduning onasi Dolores va opasi Katya ijtimoiy tarmoqlardagi nikoh haqidagi postga yurak belgisi qoldirgan.

Shuningdek, Katya Aveyru Madeyradan qaytganidan keyin nikohdan bir kun o‘tib, Ronalduning Kashkayshdagi uyiga borgan. Bu ham futbolchining oila a'zolari bilan munosabatlari saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.

Nikohdan bir kun o‘tib, Ronaldu va Jorjina farzandlari bilan Saudiya Arabistoniga qaytgan. 41 yoshli futbolchi “An-Nassr” tarkibida yangi mavsumga tayyorgarlikni allaqachon boshlab yuborgan. Juftlikning nikoh marosimi esa keng omma ishtirokisiz, yaqinlar doirasida o'tkazilgan.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Al Nassr Al Nassr
Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

10+ izoh
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar