Live
4
O'zbek

Rodri “Manchester City” mashg'ulotlariga qaytdi

Futbol
14 avgust, 07:26
Ispaniyalik yarimhimoyachi “Barselona” bilan muzokaralar asnosida Manchesterga qaytdi.
Rodri “Manchester City” mashg'ulotlariga qaytdi
Foto: AS

Rodri Ernandes “Manchester City” mashg'ulotlariga qaytdi. Ispaniyaning AS nashrining yozishicha, 30 yoshli yarimhimoyachi “Barselona”ga o'tish masalasida ikki klub o'rtasida muzokaralar davom etayotgan bir paytda Manchesterga yetib borgan.

“City” bosh murabbiyi Entso Mareska Rodrining juma kuni jamoaga qo'shilishini avvaldan aytgan edi. Ispaniyalik futbolchi belgilangan vaqtda Manchesterga qaytib, jamoa ixtiyoriga kelgan.

“Bozor hali ochiq. Biz futbolchilarni sotib olishimiz ham, sotishimiz ham mumkin. Har qanday voqea yuz berishi mumkin. Rodrini bino ichida ko'rdim va uni qattiq quchoqladim”, — dedi Mareska.

Shu bilan birga, Rodri hozircha to'liq mashg'ulotlarga tayyor emas. Mareskaning aytishicha, futbolchi dastlab tiklanish dasturi bo'yicha ishlaydi va mashg'ulotlarga qachon qaytishga tayyor bo'lsa, jamoa bilan birga shug'ullanishni boshlaydi.

Ispaniyalik yarimhimoyachining Manchesterga qaytishi “Barselona” bilan transfer muzokaralari keskin bosqichga kirgan paytga to'g'ri keldi. Britaniya ommaviy axborot vositalari xabarlariga ko'ra, “Manchester City” kataloniyaliklarning Rodri uchun 64 mln yevro atrofidagi ikkinchi taklifini ham rad etgan.

Angliya klubi futbolchining transfer qiymatini 70 mln funt, ya'ni taxminan 82 mln yevro, deb baholamoqda. Rodrining “City” bilan shartnomasi 2027 yil yozida yakunlanadi. Shunga qaramay, Manchester klubi o'z yulduzini arzon narxda qo'yib yubormoqchi emas.

Hozirda Rodrining o'zi “Barselona”ga o'tishga rozilik bergani va kataloniyaliklar bilan shaxsiy shartnoma shartlarini kelishib olgani haqida xabarlar tarqalgan. Shu sababli transfer taqdiri endi asosan ikki klub o'rtasidagi muzokaralarga bog'liq. “Barselona” futbolchi uchun talab qilinayotgan summani pasaytirishga urinayotgan bo'lsa, “City” esa o'z pozitsiyasini saqlab qolmoqda.

Rodrining jamoaga qaytishi uning “City”da qolishini anglatmaydi. Ispaniyalik futbolchi yangi mavsum oldidan jismoniy holatini tiklash bilan birga, kelajagi bo'yicha qaror qabul qilinishini kutmoqda.

“City” esa yakshanba kuni Kardiffda “Arsenal”ga qarshi Community Shield finalida maydonga tushadi. “Arsenal” APL chempioni sifatida, “Manchester City” esa Angliya Kubogi sohibi sifatida ushbu bahsda ishtirok etadi. Rodrining hozirgi holatidan kelib chiqib, uning ushbu uchrashuvda maydonga tushishi ehtimoli past.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Manchester Siti Manchester Siti
  • Barselona Barselona
Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

5+ izoh
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar