Bugun
45
O'zbek

Chempionlar LaLiga'si: jamoalar, tarkiblar, transferlar va kuzatishga arziydigan futbolchilar

Futbol
13 avgust, 07:00
Ispaniya chempionatida "Barselona", "Real" va "Atletiko" yana shohsupaga asosiy da'vogarlar.
Chempionlar LaLiga'si: jamoalar, tarkiblar, transferlar va kuzatishga arziydigan futbolchilar
Foto: Opta Analyst

LaLiga'ning 96-mavsumi boshlanish arafasida. "Barselona" o'tgan mavsumda tarkibida Kilian Mbappe va Vinisius bo'lgan "Real"ni ortda qoldirib, qo'lga kiritgan chempionlikni himoya qilishga harakat qiladi. "Qirollik klubi" esa eski tanish — Joze Mourinio bilan yangi davrni boshlamoqda. Diego Simeone boshchiligidagi "Atletiko" ham tarkibini jiddiy yangilab, yana barcha sovrinlar uchun kurashishni maqsad qilgan. Transfer bozori faol o'tdi, chempionat esa iste'dodli futbolchilarni qaytarib, dunyodagi eng kuchli liga maqomi uchun yana jiddiy da'vogarga aylandi, deb yozmoqda AS.

Jahon chempionatidagi natija ham LaLiga nufuzini oshirdi. Ispaniya terma jamoasining muvaffaqiyatini so'nggi yillarda Premier-liganing moliyaviy imkoniyatlari soyasida qolgan chempionatdan ayri holda tasavvur qilib bo'lmaydi. Rodri va Ferran Torres bilan bog'liq vaziyatni hisobga olmaganda, 18 nafar jahon chempioni Ispaniya chempionatida to'p tepadi. Bu LaLiga'ning holati yaxshi ekanini va ispan klublari o'z akademiyalarida yetishtirilgan futbolchilarga ishonishda davom etayotganini ko'rsatadi. Balki iqtisodiy pasayish va qat'iy maosh limitlari klublarni shunga majbur qilgandir, ammo har bir yomonlikda bir yaxshilik bor.

Raqamlar ham bu fikrni tasdiqlaydi. Evropaning kuchli besh chempionati orasida LaLiga xorijlik futbolchilar ulushi eng kam bo'lgan liga hisoblanadi — ularning salmog'i atigi 39 foiz. АPLda esa bu ko'rsatkich 69 foizga yetadi. Ispaniya chempionatida klub akademiyalaridan chiqqan futbolchilar soni ham yuqori. "Real", "Barselona", "Real Sosiedad", "Valensiya", "Atletik", "Villarreal", "Selta" va "Atletiko" kabi klublar Evropaning yirik chempionatlari orasida akademiya tarbiyalanuvchilariga eng ko'p imkoniyat beradigan jamoalar qatorida.

Endi LaLiga o'z nufuzini yanada mustahkamlashga intiladi. "Real" va "Barselona" transfer bozorida jiddiy harakat qildi. Madrid klubining sarf-xarajati 200 mln yevrodan ancha oshdi. Jamoaga Diomande ("Leipzig"), Kukurella ("Chelsi"), Espi ("Levante"), Dumfris ("Inter"), Konate ("Liverpul") va Bernardu Silva ("Manchester Siti") qo'shildi. Ammo asosiy qiziqish, shubhasiz, Mourinioning "Real" bilan nimalarga erisha olishida.

Uning vazifasi Hansi Flik boshchiligidagi "Barselona"ning so'nggi yillardagi ustunligiga barham berishdan iborat bo'ladi. Kataloniya klubining uyg'onishida nemis mutaxassisi muhim rol o'ynadi. Lamin Yamal esa jamoaning asosiy yulduzi bo'lib qoladi. Rodrining ehtimoliy transferi esa Entoni Gordon ("Nyukasl") va Karim Adeyemi ("Borussiya" Dortmund) bilan bir qatorda "Barselona"ning uslubini tasdiqlovchi va "Santyago Bernabeu"ga yo'llangan jiddiy signal bo'lishi mumkin. Asosiy savol — "Spotify Kamp Nou"dagi ishtiyoq va yetakchilik saqlanib qoladimi?

"Atletiko" esa odatdagidek chempionatning uchinchi asosiy da'vogari. Endi jamoada Antuan Grizmann yo'q, ammo Grimaldo, Hyulmand, Li Kan In va boshqa yangi futbolchilar kelmoqda. Hozircha Xulian Alvares ham jamoada. Argentinalik hujumchining kelajagi borasidagi serial esa hali yakunlanmagan. Klub va Simeonenning uni saqlab qolish istagi aniq, ammo bu uning "Atletiko"dagi so'nggi mavsumi bo'lishi ham mumkin.

LaLiga'ning yana bir o'ziga xos jihati — loyihalardagi barqarorlik. Yangi mavsum oldidan faqat olti klub bosh murabbiyini almashtirdi: Mourino ("Real"), Inigo Peres ("Villarreal"), Terzich ("Atletik"), Benat San-Xose ("Rayo"), Ramis ("Osasuna") va Anselmi ("Elche").

"Villarreal"ning Marselinosiz qanday o'ynashi qiziq bo'ladi. Inigo Peresga ishonch katta, ammo u o'zidan oldingi murabbiy qoldirgan katta merosni davom ettirishi kerak. "Atletik"da Terzichning paydo bo'lishi ham qiziq. "Real Sosiedad" va "Selta"da esa Oyarsabal va Borxa Iglesias ishtirokidagi loyihalar deyarli o'zgarmadi. Buning o'zi ijobiy holat.

"Betis"da ham jiddiy o'zgarishlar kuzatilmagan. Manuel Pellegrini qoldi, muxlislar esa Isko jarohatidan to'liq tiklanishini intiqlik bilan kutmoqda. "Xetafe" ham Yevropa musobaqalarida ishtirok etadi. Xose Bordalas esa klubda qolib, yana bir mo'jiza yaratishga harakat qiladi. Ammo jamoa Uche xizmatlaridan mahrum bo'ldi — uning og'ir jarohati yozgi mavsumning eng yomon xabarlaridan biri bo'ldi.

Bu LaLiga'ning yana bir muhim xususiyatini ko'rsatadi: jamoalar o'rtasidagi kuchlar nisbati juda yaqin. O'tgan mavsumdagi tushib ketish uchun deyarli teng kurash buni yaqqol namoyon qildi. Ispaniya futboli tarixidagi ikki yirik klub — "Sevillya" va "Valensiya" ham bu kurashning ichida qoldi. Endi ular qiyin davrdan chiqib, o'zlarining g'oliblik an'analarini qayta tiklashi kerak.

Yangi mavsumda raqobat yanada kuchayishi mumkin. Chunki yuqori ligaga "Rasing", "Malaga" va "Deportivo" qaytdi. Tarixi va muxlislar bazasi bilan bu klublarning LaLiga'da yana paydo bo'lishi Ispaniya futboli uchun quvonarli voqea. "Rasing" va "Malaga" hujumkor o'yini bilan syurpriz qilishi mumkin. "Deportivo" esa puxta ish va moliyaviy qo'llab-quvvatlovi bilan yaxshi istiqbolga ega.

Transfer darchasi yopilishiga ikki haftadan ko'proq vaqt qolgan bir paytda ham barcha klublarda hal qilinishi kerak bo'lgan masalalar bor. LaLiga rahbariyati mavsum davomidagi transfer xarajatlari 800 mln yevrodan oshishini kutmoqda. Bu so'nggi besh yilga nisbatan sezilarli o'sishdir.

Albatta, bu raqam АPLning yillik sarf-xarajatlari bilan taqqoslanganda ancha kichik. Ammo so'nggi o'n yilda Yevropa musobaqalarida qo'lga kiritilgan sovrinlar bo'yicha farq katta emas: ingliz klublari 11 ta, ispan jamoalari esa 10 ta sovrin olgan.

Ushbu ustunlikni Ispaniya terma jamoasining muvaffaqiyatlari yanada kamaytiradi. 2024 yildagi Yevropa chempionati va Jahon chempionatidagi g'alaba kuchlar nisbatini ispanlar foydasiga o'zgartirdi. Bu — chempionlar LaLiga'si.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Ispaniya La Ligasi Ispaniya La Ligasi
Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

1 izoh
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar