Live
17
O'zbek

Fabrizio Romano transfer xabarlarini yoritishni to'xtatishi mumkin

Futbol
15 avgust, 13:16
Mashhur insayder transferlar bozoridagi faoliyatini o'zgartirishini ma'lum qildi.
Fabrizio Romano transfer xabarlarini yoritishni to'xtatishi mumkin
Foto: Givemesport

Futbol transferlari bo'yicha dunyodagi eng mashhur insayderlardan biri Fabrizio Romano yozgi transferlar oynasi yakunlanganidan keyin o'z faoliyatini o'zgartirishi mumkin. 33 yoshli italiyalik jurnalist bu haqda LinkedIn sahifasida ma'lum qildi.

“Ehtimol, endi transferlar bozorida bugungi formatda ishlamayman. Yondashuv va qarashlarimni o'zgartirish vaqti keldi. Bu haqda transferlar oynasi yopilganidan keyin batafsilroq gapiraman. Bu davrdagi raqamlar haqiqatan ham aql bovar qilmas darajada”, deb yozdi Romano.

Romano hozirga qadar ijtimoiy tarmoqlarida futbolchilarning transferlari, klublar o'rtasidagi muzokaralar va kelishuvlar haqida tezkor insayderlik ma'lumotlarini berib keladi. Uning ma'lumotlari ko'p hollarda transferlar rasmiy e'lon qilinishidan avval paydo bo'ladi.

Italiyalik jurnalist transferlar haqidagi xabarlarni yoritishda “Here we go” iborasi bilan ham mashhur. Romano bu iborani odatda futbolchining yangi klubi bilan kelishuvga erishilgani aniq bo'lganidan keyin ishlatadi.

Goal nashri Romanoning LinkedIn'dagi bayonotiga tayanib xabar bergan. Insayder hozircha jurnalistikani butunlay tark etishini aytmagan, balki transferlar sohasidagi ishlash uslubi yoki faoliyat formatini o'zgartirishi mumkinligiga ishora qilgan.

Romano ijtimoiy tarmoqlarda katta auditoriyaga ega. Uning X platformasida 28,7 mln, Instagram'da 49,1 mln va YouTube'da 3,24 mln obunachisi bor.

Yevropaning asosiy chempionatlarida yozgi transferlar oynasi 1 sentyabrda yopiladi. Shundan keyin Romano o'zining keyingi rejalariga haqida batafsil ma'lumot berishi kutilmoqda.

Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

5+ izoh
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar