Live
15
O'zbek

Ferran Torres: “Luis Enrike men uchun otamdek bo'lgan”

Futbol
15 avgust, 13:29
Ispaniyalik hujumchi “PSJ” futbolchisi sifatida ilk fikrlarini bildirdi.
Ferran Torres: “Luis Enrike men uchun otamdek bo'lgan”
Foto: Daily Sabah

Ferran Torres “PSJ” futbolchisiga aylandi. Parijliklar va “Barselona” transfer boʻyicha kelishuvni 15 avgust kuni rasmiy e'lon qildi. Ispaniyalik hujumchi Parijga borib, tibbiy koʻrikdan oʻtdi va yangi jamoasi bilan dastlabki mashgʻulotida ishtirok etdi.

Foto: Yahoo Sports

Torres “PSJ” rasmiy mediasiga bergan intervyusida yangi jamoaga qoʻshilganidan xursand ekanini aytdi. U Parij klubidagi faoliyatini yuqori maqsadlar bilan boshlamoqchi, deya intervyudan iqtibos keltirmoqda “Marca”.

“Bu loyihaga qoʻshilayotganimdan juda xursandman va hayajondaman. Bu juda katta maqsadlarga ega loyiha. Men ham kamtarlik bilan oʻz hissamni qoʻshishni xohlayman. Prezident Nosir al-Xelayfiy, Luis Kampos va Luis Enrikega menga bildirgan ishonchlari uchun rahmat aytmoqchiman. Yangi jamoadoshlarim bilan maydonga tushishni intiq bilan kutyapman”, dedi Torres.

26 yoshli futbolchi uchun “PSJ”ga oʻtishda Luis Enrike omili ham muhim boʻlgan. Ular avval Ispaniya terma jamoasida birga ishlagan.

“Men buni doim aytganman: futbol olamida Luis Enrike men uchun otamdek boʻlgan. Terma jamoada uning qoʻl ostida ishlagan paytimda u menga doimo katta ishonch bildirgan. Endi yana uning qoʻl ostida oʻynash imkoniyatiga ega boʻlishimdan juda xursandman”, dedi hujumchi.

Torres murabbiyning futbolchi bilan ishlash uslubini ham yuqori baholadi. Uning ta'kidlashicha, Luis Enrike futbolchini tushunish, unga ishonch berish va oʻz salohiyatini toʻliq namoyon etishiga yordam berishni yaxshi biladi.

Ispaniyalik hujumchi “PSJ”dagi maqsadlarini ham belgilab olgan. “Barcha sovrinlarni yana qoʻlga kiritish, parijlik muxlislarni xursand qilish, koʻp gol urish va golli uzatmalar berish, eng muhimi, gʻalabalar yoʻlida davom etishni xohlayman”, dedi Torres.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Paris Saint-Germain Paris Saint-Germain
  • Liga 1 Fransiya Liga 1 Fransiya
Bugungi yangiliklar