"Barselona" hujumchisi Ferran Torres faoliyatini "PSJ"da davom ettirishga rozilik berdi. Ispaniyaning Sport.es nashrining yozishicha, 26 yoshli futbolchi Parij klubiga "yashil chiroq" yoqqan va endi tomonlar transferni amalga oshirish uchun rasmiy muzokaralarni boshlashi kutilmoqda.
Manba ma'lumotlariga ko'ra, Fransiya chempioni bosh murabbiyi Luis Enrike Torresni jamoaning asosiy transfer maqsadlaridan biri, deb hisoblamoqda. Ispaniyalik mutaxassis hujumchi bilan shaxsan muloqot qilib, unga jamoada muhim o'rin ajratilishini bildirgan. Shuning ortidan Torres "PSJ"ning taklifini qabul qilishga qaror qilgan.
Sport.esʼning ta'kidlashicha, Parij klubi yaqin kunlarda "Barselona"ga rasmiy taklif yuboradi. Kataloniya klubi avvalroq Torresni saqlab qolishni istashini bildirgan bo'lsa-da, munosib moliyaviy taklif tushsa, transferga qarshilik qilmasligi mumkin. Shu bois kelishuvning asosiy qismi klublar o'rtasidagi muzokaralarga bog'liq bo'lib turibdi.
Hozirda har ikki klub hujum chizig'ini qayta shakllantirish ustida ish olib bormoqda. "Barselona" hali ham Xulian Alvares transferini amalga oshirishga umid qilmoqda va Torresning ehtimoliy sotilishi bu yo'nalishda klubning moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin. "PSJ" esa yaqinda Randal Kolo Muanini "Yuventus"ga sotib, yangi hujumchi uchun mablag' hosil qildi.
Nashr yozishicha, barcha ishtirokchi tomonlar transfer haqida xabardor va bitimni Ispaniya terma jamoasi futbolchilari mashg'ulotlarga qaytishidan oldin yakunlashni xohlamoqda. Biroq hozircha na "Barselona", na "PSJ" muzokaralar boshlanganini rasmiy tasdiqlagan.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi