Jurnalist Serxio Valentin Rodrining «Real»ga o'tishi nega barbod bo'lgani va «Manchester Siti» yarimhimoyachisining «Barselona»ga ehtimoliy transferi haqida fikr bildirdi.
«Real» — bu transatlantik layner, ammo uning boshqaruv tizimida jiddiy yoriklar bor. Kelishuv deyarli tayyor edi: Rodri 100 foiz transferga rozi bo'lgan va «Manchester Siti» bilan shartlarning deyarli barchasi kelishilgandi.
Shundan so'ng jarayonga «Real»ning bosh skauti Xuni Kalafat aralashadi va Florentino Peresga transfer narxini pasaytirish mumkinligini aytadi. Florentino uning fikriga quloq tutadi va muzokaralar vaqtincha to'xtaydi.
Rodriga «Real» «Siti» bilan muzokaralarda narxni tushirishga harakat qilayotgani ma'lum qilinadi, ammo «Manchester Siti» bunga rad javobini beradi. Shundan keyin ingliz klubi Rodrini transfer bozorida boshqa jamoalarga faol taklif qila boshlaydi.
Rodrining o'zi esa faqat «Real»ga o'tishni xohlashini aytadi, Florentino esa qat'iy pozitsiyada qoladi: yo narx pasayadi, yoki transfer amalga oshmaydi.
Oxir-oqibat Rodri kutishdan charchaydi. Jorge Mendesh bu haqda Joze Mourinoga aytadi va murabbiy bu xabardan qattiq shokka tushadi.
Uch kun oldin esa ishga Deku aralashib, Rodri bilan suhbat o'tkazadi. Shuningdek, Hans-Diter Flik va futbolchining «Barselona»da o'ynayotgan Ispaniya milliy jamoasidagi bir necha sheriklari ham muloqot qilishadi.
Natijada «Manchester Siti» Rodri uchun kurashadigan yana bir klub paydo bo'lishiga erishdi. Eng muhimi, futbolchining o'zi ham bu variantga qiziqib qoldi.
Endi transfer narxini arzonlashtirishga uringan «Real» ko'proq mablag' to'lashi kerak, chunki uning jiddiy raqibi — «Barselona» paydo bo'ldi.
Avval «Real» uchun hammasi oddiy edi va Rodri transferi bo'yicha kelishuv ancha oldinlab ketgandi. Endi esa vaziyat o'zgardi. Madridliklar nafaqat ko'proq pul to'lashi, balki Rodrini yana ishontirishi kerak. Vaholanki, avval futbolchi to'liq ular tomonida edi.
Eslatib o'taman, «Real»ning Rodri bo'yicha pozitsiyasi o'zgargani haqida birinchi bo'lib aynan men xabar berganman. Hozir ham aytaman-ki, «Real»da rejalashtirish, muzokaralar olib borish va transfer siyosati masalalarida anchadan beri jiddiy muammolar bor.
Mourino esa bu vaziyatdan hayratda. U markaziy yarimhimoyachi olishni juda xohlamoqda», — deb yozdi Valentin.
«Real» qay tariqa Rodri transferida pozitsiyani boy berdi? Ispan jurnalisti batafsil izoh berdi
Futbol
6 avgust, 17:49
Serxio Valentinning fikricha, Peres klub bosh skautining gapiga kirib adashdi. Mourino shokda.
Foto: Getty Images