“Real” bosh murabbiyi Joze Mourinio “Fiorentina” (2:2) bilan oʻrtoqlik oʻyinidan soʻng oʻz fikrlarini bildirdi.
— Jamoaning o‘yini haqida fikrlaringiz?
— «Real»ni uch xil holatda ko‘rdim: juda kuchga to‘lgan, charchagan va juda charchagan holatda. Tetik jamoa juda yaxshi o‘ynadi. Birinchi bo‘limdan keyingi 2:1 hisobi juda kichik edi — dastlabki 45 daqiqani juda yuqori darajada o‘tkazdik va osonlikcha tanaffusga 3:0 yoki 4:0 hisobida chiqishimiz mumkin edi.
Keyin o‘yin ancha jismoniy kurashga aylandi, raqib bosim o‘tkaza boshladi va jamoaning ikkinchi qiyofasi namoyon bo‘ldi. Xoan Martinez va Mario Rivas kabi ikki yosh futbolchi bilan o‘z jarima maydoningda o‘ynash… Ular ajoyib o‘yin o‘tkazishdi, ammo hozircha Moyze Ken kabi «monstr»ga qarshi turish uchun jismonan tayyor emaslar.
Jamoaning uchinchi qiyofasi esa — menga juda yoqqan holat — qattiq charchagan bo‘lsa ham, jamoa bo‘lib harakat qilishdi va yana o‘yin nazoratini qo‘lga olishdi. Dumfris va Endrik atigi uch kun mashg‘ulot o‘tkazishgandi, ammo 70 daqiqadan ko‘proq o‘ynashdi. Bu men uchun katta ahamiyatga ega. Ularga minnatdorchilik bildirdim. Menga hammasi yoqdi.
— O‘yindan keyin qanday xulosalarga keldingiz?
— Bu — bor imkoniyatdagi futbolchilar bilan maydonga chiqqan «Real». O‘yindan oldin yigitlarga aytdim: «Real» o‘rtoqlik bahsi bo‘lsa ham, baribir «Real»ligicha qoladi. Bugun men qo‘limda bo‘lgan futbolchilarni maydonga tushirishim kerak edi. Faqat kecha birga mashg‘ulot o‘tkazdik, unda o‘yinni tashkil qilish ustida biroz ishladik.
Yosh yigitlar — Xoan va Mario fantastik kelajakka ega. O‘yin kuchli kurashga aylanguncha, ular ajoyib ko‘rindi va qoyilmaqom darajada mahoratlarini namoyish etishdi. Birinchi jamoaning mavjud bo‘lgan 7 futbolchisidan 2 nafari atigi uchtama mashg‘ulot o‘tkazishgandi. Keyin esa biz bechora Karlos Espini maydonga tushirdik. U kecha atigi bir soatcha mashq qildi, bugun esa bizga yordam berdi va «Real» nima ekanini his qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Birinchi kundan boshlab yigitlarning ishidan juda mamnunman. Qolgan futbolchilarning yo‘qligi meni xavotirga solmoqda, ular bilan uch hafta to‘liq tayyorgarlik o‘tkazishni istardim, ammo buning iloji yo‘q. Dushanba kuni Vinisius, Braxim va Bernar du Silva qo‘shiladi. Dumfris, Karlos va Endrikning mashg‘ulot kunlari ko‘payadi… Qolganlar kelguncha shu tarzda davom etadi.
— «Real»ni yana boshqarganingizda nimalarni his qildingiz?
— Hozircha hech narsa. Haqiqiy o‘yinlar hali oldinda, — dedi portugaliyalik mutaxassis AS bilan intervyuda.
«Uch xil «Real»ni ko‘rdim» — Mourinio «Fiorentina» bilan o‘yindan so‘ng intervyu berdi
Futbol
1 avgust, 18:39
Madrid klubi ustozasi asosiy tarkib a'zolari yangi mavsum oldidan yetarlicha mashg‘ulot o‘tkazmasligidan xavotirda.
Foto: Getty Images