Namanganda bo'lib o'tgan "Navbahor" - "Bunyodkor" (4:3) o'rtasidagi uchrashuvdan keyin o'tkazilgan matbuot anjumanida mehmonlar bosh murabbiyi Ilyos Zeytullayev qatnashdi.
- Avvalo, Namangan shahri muxlislariga shunday futbol muhitini yaratib berganlari uchun rahmat aytmoqchiman. Chunki bunday stadionda, bunday muhitda o'ynash haqiqatan ham juda yoqimli. Bizniki bo'lgan, uzoqdan kelib bu o'yinni ko'rish uchun tashrif buyurgan muxlislarga ham rahmat aytmoqchiman. Menimcha, bugungi o'yin chiroyli va tomoshabop bo'ldi.
Biz jamoa sifatida, inson sifatida, professionallar sifatida o'zimizga bog'liq bo'lgan barcha ishni qilishga harakat qildik. Lekin bizga bog'liq bo'lmagan, ta'sir o'tkaza olmaydigan jihatlar ham bor. Albatta, bunday masalalar mening vakolatim doirasiga kirmaydi. Agar eslasangiz, taxminan ikki yil avval ham "Navbahor"ga qarshi shu yerda 2:1 hisobida g'alaba qozongan edik. Qiziq o'yin bo'lgan, o'shanda 12 daqiqa qo'shimcha vaqt berilgan va uchrashuvning so'nggi daqiqalarida penalti belgilangan edi. O'tgan yili ham xuddi shunday holat bizning stadionimizda sodir bo'lgan: gol urilgan, afsuski, u bekor qilingan edi.
Shuning uchun bugun ham, menimcha, juda kuchli raqibga qarshi munosib o'ynadik. Raqibni tajribali va kuchli murabbiy — Kapadze boshqarmoqda. U juda yaxshi jamoa shakllantirgan. Shuning uchun yigitlar bilan, ularni bugun ko'rsatgan o'yindan faxrlanaman. Albatta, ertaga nima bo'lishini bilmayman. Chunki, o'zingiz ham tushunib turganingizdek, men hozir shunday vaziyatdaman.
- Rostini aytsam, yoshlardagi ishtiyoqni ko'rib, hayron qoldik. Klubingiz og'ir kunlarni boshidan kechiryapti. Shunday bo'lsa-da, jamoa har bir o'yinda yorqin futbol ko'rsatyapti, bugun esa yanada yorqinroq o'yin namoyish etdi. Shunday sharoitda jamoani o'yinga qanday tayyorlayapsiz?
- Avvalo, buni sezaetganingiz uchun rahmat. Bizning og'ir vaziyatimizni tushunayotganingiz uchun ham rahmat. Nima deya olaman? Men ularni odatiy ma'noda ruhlantirmayapman. Chunki bu yerda endi gap oddiy motivatsiya haqida emas. Motivatsiya — tashqi ta'sir. Masalan, siz futbolchiga mukofot puli, kattaroq maosh berasiz — bu tashqi motivatsiya. Bu yigitlar esa ruhlangan. Ruhlanish — insonning ichidan keladigan tuyg'u. Shuning uchun biz ular bilan tez-tez suhbatlashamiz, vaziyat juda og'ir ekanini tushuntiramiz. Lekin menimcha, bu mehnat...Balki YouTube’da biz haqimizda gapiradigan, ustimizdan kuladigan odamlar ham bordir. "Bular bu yerga keladi, 4:0, 5:0 hisobida yutqazib ketadi", deb biz ustimizdan kulishlari mumkin.
Menimcha, yigitlar buning barchasini ko'rib turishibdi. Bu ularning oriyatiga tegadi. Axir, ular futbolchi, bo'lajak professional. Menimcha, bu yigitlar — O'zbekiston futboli kelajagi. O'yindan keyin futbolchilarimdan birining ko'z yoshlarini ko'rdim. U yig'lab: "Zeytulayevich, biz harakat qildik, lekin bizga bog'liq bo'lmagan narsalar ham bor", dedi.
Men unga: "Sen harakat qilding, o'z ishingni qil. Xudo hammasini ko'rib turibdi, bizning barcha qurbonliklarimizni biladi. Shuning uchun vaqti keladi, biz ham hayotda, ham faoliyatimizda o'z mehnatimiz samarasini ko'ramiz. Sen harakat qilishni, kurashishda davom etishing kerak", dedim. Bu yosh futbolchilar — O'zbekistonning kelajagi. Shuning uchun agar ular shunday darajada o'ynashda davom etishsa, ularning kelajagi juda yaxshi bo'ladi.
- Bugun juda chiroyli, agressiv futbol namoyish etdingiz. Mehnatlaringiz uchun rahmat. Futbolchilar tarkibida va umuman jamoada keyinchalik qandaydir o'zgarishlar bo'ladimi?
- Bu menga bog'liq emas. Ertaga nima bo'lishini bilmayman. Aslida, bu haqida juda ko'p gapiryapman. Bizning yigitlarimiz olti oydan beri pul ishlashmayapti, ya'ni maosh olishmayapti. Bu haqida endi gapirishni ham xohlamayman. Chunki doim shu masala haqida gapirayotgandek taassurot paydo bo'lyapti. Hamma hammasini biladi, hamma hammasini ko'rib turibdi. Xohlashsa — yordam berishadi. Xohlashmasa... Bilmadim, bu hatto kimga bog'liq ekanini ham bilmayman. Shuning uchun vaziyat tushunarli.
Mening ham oilasi bor insonlarim bor. Jamoadagi xorijlik mutaxassislar ham ishlayapti. Bilmayman, ular yana qancha vaqt shunday sharoitda bizga yordam berishlari mumkin — faqat oriyat va professionallik yuzasidan. Bilmayman, bu holat yana qancha davom etishi mumkin. Men faqat ularning bir kuni hammasini tashlab, ketib qolishidan qo'rqaman. Men buni boshidan oxirigacha ochiq aytayapman. Bugun maydonga asosiy tarkibda chiqqan va zaxiradan o'yinga qo'shilgan yosh futbolchilarni ham tabriklamoqchiman. Ular bugun o'zlarining Superligada o'ynay olishlarini ko'rsatishdi. Shuning uchun ular bilan ishlashda davom etamiz, qo'limizdan kelganicha harakat qilamiz. "Navbahor"ni g'alaba bilan tabriklayman," - deya so'zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.