Live
1
O'zbek

Sergey Tokov: "Menimcha, natija haqqoniy bo'ldi"

Eksklyuziv
14 avgust, 15:56
"Xorazm" ustozining "Dinamo"ga qarshi bahsdan so'ng o'z fikrlarini bildirdi.
Sergey Tokov: "Menimcha, natija haqqoniy bo'ldi"
Фото: Хоразм ПФК
14.08.2026 FT O‘zbekiston Superligasi Dinamo Samarqand Dinamo Samarqand 2 : 2 Xorazm Xorazm

Samarqandda bo‘lib o‘tgan "Dinamo" va "Xorazm" o‘rtasida qayd etilgan 2:2 hisobidan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida mehmonlar ustozsi Sergey Tokov qatnashdi.

- Menimcha, muxlislarga ham o‘yin yoqqan bo‘lsa kerak. Chunki hujumlar ham, kurashlar ham ko‘p bo‘ldi. Menimcha, bugungi o‘yinda qayd etilgan natija haqqoniy bo‘ldi. G‘alaba qozonishimiz ham mumkin edi. Dastlabki daqiqalarda, birinchi bo‘limda yaxshi imkoniyatlarimiz bo‘ldi. Albatta, yomon vaziyatlar ham bo‘ldi, ayniqsa, himoyada bo‘shliqlar yuzaga kelgan paytlarimizda. Lekin bu — futbol.
O‘yinga keladigan bo‘lsak, "Dinamo"dan "Xorazm"ga o‘tgan Ulug‘bek Hoshimov haqida ham aytib o‘tmoqchiman. Bugun, bilmadim, balki u hayajonlangan bo‘lishi mumkin. O‘zi avval o‘ynagan jamoasiga qarshi maydonga tushgani uchun ortiqcha hissiyotga berilgandir. Bugun hujumda unda nimadir o‘xshamadi. Lekin hechqisi yo‘q, demak, keyingi o‘yinda o‘xshaydi.

- "Xorazm" uzoq vaqt katta futboldan ancha yiroqda edi. Hozir esa jamoa juda yaxshi futbol o‘ynayapti, hatto o‘rta darajadan yuqori saviyada o‘yin ko‘rsatmoqda. To‘pni yaxshi nazorat qilyapti, jamoada sifatli legionerlar paydo bo‘ldi. Bugun yana bir narsaga e'tibor berdim: jamoada xorijlik mutaxassislar ham bor ekan. Jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiylar, shundaymi? Umuman, "Xorazm"ga klub rahbariyati tomonidan jiddiy e'tibor qaratilayotganini aytish mumkinmi?

- Ha, rahbariyatga katta rahmat. Ular bizni qo‘llab-quvvatlashyapti. Biz ham rivojlanishga harakat qilyapmiz. Shuning uchun xorijlik mutaxassislarni taklif qildik. Jamoamizda jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy, fizioterapevt va reabilitolog ishlayapti. Afsuski, O‘zbekiston bozorida bu masala bo‘yicha biroz qiyinchiliklar bor. Vaholanki, bular juda muhim yo‘nalishlar. Jamoada shunday mutaxassislar futbolchilarni jismoniy jihatdan tayyorlaydi, jarohatdan keyin ularni tiklaydi. Shuning uchun viloyat rahbariyatiga bizga shunday mutaxassislarni jalb qilish imkoniyatini yaratib bergani uchun rahmat aytmoqchiman.

Legionerlarga keladigan bo‘lsak, ishlashga harakat qilyapmiz. Albatta, har doim ham biz xohlaganimizdek bo‘lavermaydi. Ikki nafar legioner bilan hayrlashdik va ularning o‘rniga yana ikki nafar futbolchini oldik. Ular hali o‘yinlarda ishtirok etishmadi, hozir Urganchda jamoaga qo‘shilish arafasida. Umid qilamizki, ular jamoaning saviyasini oshirishga yordam beradi.

- Men shu narsaga e'tibor qaratdim: hozir o‘zbek futbolida yangi holat kuzatilmoqda. Odatda biz avval Rossiyadan yoki MDH davlatlaridan kelgan tajribali, yoshi kattaroq murabbiylarni ko‘plab jamoalarda ishlaganini ko‘rardik. Hozir esa o‘zbek futbolida yosh murabbiylar guruhi paydo bo‘ldi. Siz bilan tengdosh bo‘lgan mutaxassislar. Ko‘plab klublarni aynan shunday yosh murabbiylar boshqarmoqda. Bu nimaning hisobiga, deb o‘ylaysiz?

- Menimcha, bu qachondir sodir bo‘lishi kerak edi. Chunki, nazarimda, futbol ma'lum bir davrda bir joyda to‘xtab qolgan. Hozir siz sanab o‘tgan yosh mutaxassislar rivojlanmoqda, o‘qiyapti, izlanmoqda, o‘sishmoqda. Menimcha, yosh mutaxassislarga zamonaviy futbolni kuzatish va rivojlanish osonroq. Chunki katta yoshdagi insonga ko‘pincha o‘zgarish, qayta moslashish qiyin bo‘ladi. Futbol esa bir joyda turmaydi, u doimo rivojlanib boradi. Menimcha, buning sababi ham shunda: hozirgi yosh murabbiylar zamonaviy futbol talablariga ko‘proq mos kelmoqda. Ular zamonaviy futbol talablariga osonroq va yaxshiroq moslashmoqda.

- O‘yinga qadar raqib jamoani qanchalik o‘rgandingiz? Mutaxassis sifatida raqib — "Dinamo" haqidagi fikringizni bilmoqchi edim. Ularning kuchli va zaif tomonlari nimada?

- Albatta, raqibni o‘rgandik. Bu ularga qarshi birinchi o‘yinimiz emas, birinchi davrada ham "Dinamo" bilan o‘ynaganmiz. Umuman olganda, ularning o‘yin uslubi unchalik o‘zgarmagan. "Dinamo" futbolchilar tanlovi jihatidan juda sifatli jamoa. Ular to‘pni nazorat qilishni juda yaxshi ko‘rishadi. Shuning uchun biz pressingdan foydalanishga harakat qildik. Birinchi bo‘limda pressing qo‘lladik va gol ham urdik.

Keyin esa o‘yindagi kamchiliklar haqida... Menimcha, buni muhokama qilmayman. Bu murabbiylik etikasiga to‘g‘ri kelmaydi. Bu haqda "Dinamo" bosh murabbiyning o‘zi gapiradi. Biz harakat qildik, albatta, rejalashtirgan va xohlagan barcha ishlarimiz ham o‘xshayvermagan bo‘lishi mumkin. Endi bosqichma-bosqich oldinga harakat qilamiz", - deya urganchliklarning ustozsi bildirgan fikrlarni keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Dinamo Samarqand Dinamo Samarqand
  • Xorazm Xorazm
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar