Superliganing 17-turida "Qizilqum" yaqqol autsayder - "Mash'al"ni qabul qildi. O'yindan avval favorit hisoblangan navoiyliklar amalda buni natijada ham, o'yinda ham aks ettirishgan holda 2:0 hisobida ustunlikka erishishdi.
Muborakliklar esa yana mag'lubiyatga uchradi va klubdagi ruhiy tushkunlik hamon saqlanib qolmoqda. "Mash'al" bosh murabbiyi Sergey Lushan uchrashuvdan keyin matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- Har doimgidek, izohlarim yo'q. Raqib jamoani munosib g'alaba bilan tabriklayman. Hozircha qo'shimcha aytadigan gapim yo'q. Jamoada muammoli vaziyat, afsuski, davom etmoqda. Ayniqsa, himoyadagi o'yinimizda bu yaqqol ko'rinib turibdi. Endi yosh futbolchilarga tayanishda davom etamiz.
- Sizning klub bilan shartnomangiz qancha muddatga tuzilgan?
- To'rt oyga, yil oxirigacha.
- Shunchaki, bunday shartnoma tuzilishining ma'nosini tushunishga harakat qilyapman. Axir, bunday holatda sizdan keyinchalik biror narsani talab qilish uchun deyarli hech qanday majburiyat bo'lmaydi-ku?
- Nimani talab qilish mumkin? Jamoa hozir shunday holatda. Jamoa 11-turdan buyon oxirgi o'rinda edi.
- Ha, bilaman. Siz kelganingizdan keyin esa biroz jonlanish bo'ldi…
- Jonlanish, menimcha, yangi murabbiy kelgan har qanday jamoada bo'ladi. Jamoa hissiyotlar ta'sirida dastlabki bir-ikkita o'yinni yaxshi o'tkazishi mumkin. Ammo yangi narsa qurishni boshlaganingizda bunday holatlar doim sodir bo'ladi.
Bizda himoyada muammo bor, juda katta muammo. Raqibning har qanday hujumi - gol bilan yakunlanyapti. Hozircha buni tushunib bo'lmayapti. Eng yomoni, bu o'zimizga o'zimiz "sovg'a" qilayotganimiz. Bu endi tendensiyaga aylanib bormoqda.
Bunday vaziyatda nima qilish kerak? Futbolchilarni almashtirishmi? Men boshqa variantni ko'rmayapman. Shuning uchun tahlil qilyapmiz, ko'rib chiqyapmiz, hozir yosh futbolchilarni tanlab, tarkibga qo'shyapmiz.
Nima farqi bor — shu yigitlar bilan oliy ligada qololmaymizmi yoki "dubl" bilan tushib ketamizmi? Menimcha, ikkinchi vazifa — yangi jamoani shakllantirish bo'yicha vazifa ham bor edi. Bizda ro'yxat mavjud. Keyingi mavsumda asosiy tarkibda ko'proq o'ynatishni rejalashtirgan sakkiz nafar futbolchi bor.
Aslida bu jarayonni biroz keyinroq, vaziyat aniq bo'lgandan keyin boshlashni rejalashtirgan edik. Lekin endi buni cho'zishdan ma'no ko'rmayapman. Shuning uchun, ehtimol, keyingi turdan boshlab tarkibning 80 foizi o'zgaradi. Mana, hammasi juda oddiy: bir tarkibni olib tashlaysiz va boshqasini qo'yasiz.
- Odatda jamoa mag'lub bo'lsa, murabbiylar: "Ayib menda", deyishadi. Bundan futbolchilar hech narsa uchun javob bermaydi, degan xulosa chiqadimi?
- Yo'q. Shunday o'yinlar bo'ladiki, unda murabbiyning ham aybi bo'ladi. Masalan, futbolchini almashtirganda adashishingiz mumkin, kimnidir biroz ertaroq almashtirib qo'yishingiz yoki aksincha, kimga o'ynash imkoniyatini bermasligingiz mumkin. Bunday holatlar bo'ladi. Bu ijodiy jarayon, hamma xato qiladi. Hozir futbolchilarni ayblagim kelmayapti. Bugun maydonda bo'lganlarning ko'pchiligi qo'lidan kelgan barcha ishni qildi. Shunchaki, tushunyapsizmi, shunday tushuncha bor: emaklash uchun tug'ilgan odam ucha olmaydi. Agar sen skripka chalishni bilsang, kosmosga ucha olmaysan. Oddiy qilib aytganda, har bir insonning qandaydir imkoniyat chegarasi bor.
- Jamoa "kapitani"ning…
- Men jamoa sardorlari matbuot anjumanlarida doimiy ravishda ishtirok etishini juda xohlardim. Chunki masalaning ikki tomonini ham eshitish kerak: murabbiy nuqtai nazarini ham, futbolchilar tomonini ham.
Tushunyapsizmi, biz maydonda o'ynamaymiz. Ba'zida o'ynagimiz keladi, lekin buning iloji yo'q. Shuning uchun futbolchining, ayniqsa jamoa mag'lub bo'lgan paytdagi fikrini eshitishni xohlayman. Shu ma'noda, bu normal holat. Hozir biz oltinchi turdamaiz. Biz rahbariyat bilan gaplashganmiz. Men aytdim: "Qarorni o'zim qabul qilaman: tarkibni o'zgartirish yoki..."
Bu gaplar hali shartnoma imzolanayotgan paytdayoq aytilgan edi. "Menga oltita tur beringlar, shunda jamoamiz qanday ekanini tushunamiz", degandim.
- Shunday gaplashganmisiz?
- Ha, ha. Oltinchi turdan keyin ma'lum bir xulosa chiqaramiz, degandim. Agar jamoa mahorat darajasini oshira olsa, futbolchilarning saviyasi ko'tarilsa, demak, ishni davom ettiramiz. Agar unday bo'lmasa, unda tarkibni butunlay o'zgartiramiz. Mana, rejamiz shu edi.
- Aytgachi, yana bir savol. O'tgan yili odatda bosh murabbiylar: "U21 jamoasi bizdan keyin o'ynaydi, shuning uchun yana bir kun qolish imkoniyati yo'q", deb aytishardi. Hozir esa ular sizdan oldin o'ynayapti. Lekin nimagadir bosh murabbiylarning…
- Tushunyapsizmi, har bir tizimning o'zining yaxshi va yomon tomoni bor. "Dubl" asosiy tarkibdan keyin o'ynagani, asosiy jamoada o'yin amaliyotiga ega bo'lmagan futbolchilarning yoshlar tarkibida qolib, o'ynashi — bir tomondan yaxshi. Lekin boshqa tomoni ham bor. E'tibor bering: jamoa olti oydan beri maosh olmagan. Bilmayman, endi... Rostini aytsam, biz tez orada non uchun ham o'zimiz pul to'laydigan holatga kelib qolamiz. Umuman pul yo'q. Hattoki maydonlar ham sug'orilmayapti, chunki ishchilar ishlashni xohlamayapti.
Demoqchimanki, mehmonxonada biz uchun qo'shimcha bir kun qolish xarajatini to'lash— oddiy qilib aytganda, fojia. Shukrki, rahbariyat qandaydir mablag' topib, o'yinga bir kun qolgan holda yetib borishimizga sharoit yaratib beryapti. Aslida, ehtimol, keyingi o'yindan boshlab o'yin kunining o'zida yo'lga chiqadigan bo'lamiz. Mayli, to'qqiz soatlik yo'l bo'lsin. Bu kimga kerak? Balki kimgadir kerakdir. Lekin bizda hattoki ishni davom ettirish uchun imkoniyat qolmayapti. Biz buning barchasini tushunyapmiz.
Men aynan shu o'yin, futbolchilarning e'tirozlari haqida gapirmoqchiman. Yana bir bor aytaman: o'zim ham futbol o'ynaganman. 47 yoshimda ham futboldaman. Men aniq bilaman: qanday vaziyat bo'lishidan qat'i nazar, futbolga muhabbat, Vatanga muhabbat bor. Lekin uyingda bolalaring bo'lsa, ularni boqish uchun egulik topilmasa, ularning xayoli aniq futbolda bo'lmaydi.
Tushunyapsizmi? Futbolchilarning xotinlari, oilalari bor. Ularni boqish kerak. Bugungi kunda ularning qo'lida hech narsa bo'lmasa, futbol haqida o'ylashga vaqti yo'q. Shuning uchun ulardan yana nimanidir talab qilish, "tomdan baland sakrash"ni kutish adolatdan emas. Ular ikki tur davomidayoq tomdan baland sakrashdi. Men shaxsan ularga: "Menga bir-ikkita o'yin beringlar, hammasini hal qilib beraman", deb va'da bergandim. Menga ham xuddi shunday va'dalar berilgan edi. Lekin, afsuski, arava hali ham o'sha joyida turibdi. Men rahbariyat bilan gaplashganman. Bunday vaziyatda bo'lgan klublar bizda juda ko'p. Nega bunday ekanini bilmayman. Juda achinarli, juda.
Jahon chempionatida ishtirok etgan milliy jamoa bor mamlakatda, aslida, futbolda katta ko'tarilish, katta bum bo'lishi kerak edi. Lekin bu yerda shunday vaziyat", - deya bosh murabbiyning so'zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.