Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston milliy jamoasining JCH-2026dagi ishtiroki yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
«Milliy jamoamizning AQSH va Meksika maydonlaridagi o‘yinlarini butun xalqimiz bilan bir tan-u bir jon bo‘lib, katta hayajon bilan kuzatib bordik. Futbolchilarimiz FIFA reytingida 5-o‘rinda turgan Portugaliya, 13-o‘rindagi Kolumbiya hamda tarkibida Yevropaning yetakchi klublarida to‘p surayotgan ko‘plab futbolchilar bor Kongo DR jamoasiga qarshi bahslarda katta tajriba orttirdi, mundial muhitini his qildi.
Abbos Fayzullayev va Eldor Shomurodov Jahon chempionatidagi ilk gollarini urib, xalqimizga quvonch ulashdi.
Milliy jamoamizning Jahon chempionatidagi ishtiroki haqida turli fikrlar aytilmoqda. Ammo Vatanimiz sharafini himoya qilgan futbolchilarga ortiqcha hissiyot bilan e'tiroz bildirish yoki ulardan ayb qidirish xalqimizga xos emas. Aksincha, bugun ularni qo‘llab-quvvatlash va ruhlantirish har qachongidan ham muhim», — dedi davlat rahbari.
Shuningdek, Prezident O‘zbekiston futbolining kelajagi haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Ta'kidlanishicha, katta g‘alabalar hali oldinda va buning uchun futbol infratuzilmasini rivojlantirish, sohaga investitsiyalarni ko‘paytirish hamda bolalar futboliga e'tiborni yanada kuchaytirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, 2027 yil yanvar oyida Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan Osiyo kubogiga tayyorgarlik ishlari hozirdanoq boshlanishi qayd etildi.
«Biz jamoamizga ishonamiz va ushbu musobaqada ham butun xalqimiz bilan ularni qo‘llab-quvvatlaymiz», — dedi Prezident.