«Milliy tiklanish» DP raisi Alisher Qodirov O‘zbekiston milliy jamoasining shu kunlarda AQSH, Meksika va Kanadada o‘tayotgan jahon chempionatidagi ishtirokiga munosabat bildirdi.
Hususan, diplomat o‘zining Telegramdagi kanalida O‘zbekiston milliy jamoasining guruh bosqichi 3-tur doirasidagi Kongo DRga qarshi o‘yinidan so‘ng quyidagicha post qoldirdi:
«0 - murabbiy ishi, darvozabon, jamoa ruhi, jamg‘arilgan ochko, milliardlab xarajatga sotib olingan qiymat va kelajakka umid…
Biz 1-sinfida hijjalab harf terayotgan maktabni 8-sinfida o‘qiyotgan yaponlardek o‘ylamasak, bu maktabni 100-yilda ham bitirolmaymiz…», - deyiladi postda.
Unga biriktirilgan videoda esa yaponiyalik mutaxassis o‘z vatani milliy jamoasi tajribasidan kelib-chiqib bildirgan qiziqarli fikrlari yangragan. E’tiboringizga suhbatning matn shaklini taqdim qilamiz:
Sato san futbolni siz ham ko‘rdingiz, battar bo‘l degandek, gapiryapsiz. Buning sababini tushuntirib bering
«Mag‘lubiyat juda yaxshi narsa. 1998-yili Yaponiya ilk marta jahon chempionatiga chiqqandi, butun mamlakat quvondi. Odamlar, nihoyat, biz ham dunyo sahnasiga chiqdik deb xursand bo‘lishdi. Lekin natija og‘ir bo‘ldi. Yaponiya guruh bosqichining uchala o‘yinida ham mag‘lub bo‘ldi. Ko‘pchilikning ko‘ngli cho‘kdi, ayrimlar, bizdan futbolchi chiqmaydi dedi. Boshqalar esa aybdor qidirdi. Hattoki ayrim yevropaliklar sizlarga futbol o‘ynashni kim qo‘yibdi, mazmunida ham kinoya qilishgan edi. Yaponiyada futbol birinchi raqamli sport turi bo‘lmaganligi uchun ko‘pchilik tushkunlikka tushib qolgandi. Lekin yapon futbol mutasaddilari to‘g‘ri yo‘l tutdi. Ular hakamni ayblamadi, omadni ayblamadi, raqiblarni ayblamadi. O‘zlariga bitta savol berdi: biz nimani noto‘g‘ri qildik? Ana shu savol butun futbol tarixini o‘zgartirdi.
Keyin yana bir muhim gap, murabbiy o‘z millatingdan chiqmaguncha, yaxshi natija qila olmaysan. Chet ellik murabbiy harakat qilishi mumkin, ammo millat, vatan degan tushunchalar bo‘lmaganidan keyin jonini berib kurashmaydi-da.
Yaponlarda bir maqol bor: Yetti marta yiqilsang ham, sakkizinchi marta tur. Ular ham turdi, bolalar futboliga e’tibor berdi, murabbiylarni tayyorladi, maktablarni rivojlantirdi, professional ligani kuchaytirdi va eng muhimi, shoshilmadi. 80-yillik strategiya ishlab chiqib, o‘sha bo‘yicha harakat qilishdi. Chunki ular daraxt bugun ekilib, ertaga meva bermasligini yaxshi bilardi. Yillar o‘tib, dunyoning eng kuchli jamoalariga qarshi bemalol o‘ynay oladigan darajaga yetdi. Shunda men bir narsani tushundim, Jahon chempionatidagi eng katta mag‘lubiyat 0:5, 0:7 emas ekan. Eng katta mag‘lubiyat yutqazganingdan keyin, o‘rganishni to‘xtatishing, ekan.
Sening mamlakatingni ham yutqazgani yaxshi bo‘ldi, deganimning sababi shu. Yaponiya ham birinchi marta alamli mag‘lubiyatga uchragandan keyin, tajriba to‘plab, oyoqqa turishdi. Bugun o‘sha manaman degan futbol mamlakatlarini mag‘lub qilyapti. Shuning uchun hayotda ham bir marta yiqilsangiz tushkunlikka tushmang, bugungi mag‘lubiyatingiz ertangi g‘alabangizning poydevori bo‘lishi mumkin. Yutganingizda kamtar bo‘ling, yutqizganingizda — sabrli.
Insonning hayoti ham shunday, bitta o‘yindan iborat emas, hayot bu uzoq chempionat».