Bugun
7
O'zbek

Rudi Garsiya Lukakuning Misrga qarshi o‘yindagi harakatlariga baho berdi

Futbol
16 iyun, 06:11
Belgiya milliy jamoasi ustozi Misrga qarshi o‘yindagi yagona golda bevosita ishtirok etgan forvard haqida fikr bildirdi.
Омонжон Тўхтамирзаев
Omonjon To‘xtamirzayev Editor
Rudi Garsiya Lukakuning Misrga qarshi o‘yindagi harakatlariga baho berdi
Foto: Gettyimages
15.06.2026 FT Jahon chempionati (JCH-2026) Belgiya Belgiya 1 : 1 Misr Misr

Belgiya milliy jamoasi bosh murabbiyi Rudi Garsiya Jahon chempionati guruh bosqichi 1-tur doirasida Misrga qarshi bellashuvdagi golda bevosita qatnashgan forvard Romelu Lukaku harakatlariga baho berib o‘tdi.

Zaxiradan maydonga tushiboq, Lukaku raqib jarima maydonchasi tomon oshiqdi va kurashda Misr himoyachisi Muhammad Hanini xatoga yo‘l qo‘yishga, to‘pni o‘z darvozasi to‘riga to‘g‘rilab yuborishga majbur qila oldi. O‘yin 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlandi.

Garsiya hujumchining harakatlariga, zaxiradan maydonga tushgan bo‘lsa-da, bevosita o‘yin borishiga ko‘rsatgan ta’siriga yuqori baho berdi.

«Romeluning zaxiradan maydonga tushishi — bu u qachon bahsni ilk daqiqalardan boshlay olishi bilan bog‘liq bo‘lgan savol hisoblanadi. Ko‘ramiz. Hozircha hammasi joyida. Sababi u biz bilan bo‘la olishiga ham ishonchimiz komil emasdi. Xorvatiyaga qarshi o‘yinda (tayyorgarlik doirasidagi o‘rtoqlik bahsi — tahrir.) ham u zaxiradan maydonga tushgan va o‘sha kuni ham gol urgandi. Bugun u yana gol urdi. Jarima maydonchasi ichida — Romelu o‘zini suvdagi baliq kabi his qiladi.

U astoydil mehnat qilishda davom etmoqda, lekin uning organizmi vaziyatga moslashishi zarur. Maqsadimiz jarohat olmaydigan Romelu bilan imkon qadar uzoqroqqa borish. Va agar super zaxira o‘yinchisi sifatida u har safar maydonga tushgach, bittadan gol urib tursa — bu shunchaki ajoyib ish bo‘ladi. U uchun chindan xursandman. Jamoa mamnun. Raqib uning maydonga chiqayotganini ko‘rganda, ularning o‘ziga bo‘lgan ishonchi pasayadi va xavotiri ortadi — bu esa bizning foydamizga ishlaydi», - deya Garsiya so‘zlaridan iqtibos keltirdi RMC Sport.

Ma’lumot uchun, Belgiya keyingi o‘yinini 5 kundan so‘ng — Los‑Anjelesda Eron milliy jamoasiga qarshi o‘tkazadi.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Belgiya Belgiya
  • Misr Misr
  • Jahon chempionati (JCH-2026) Jahon chempionati (JCH-2026)
Bugungi yangiliklar