«PSJ» yarimhimoyachisi Senni Mayulu klub bilan yangi uzoq muddatli shartnoma imzoladi. Bu haqda taniqli insayder Fabritsio Romano xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, barcha hujjatlar rasmiylashtirilgan va 19 yoshli futbolchi 2031 yilning iyuniga qadar mo‘ljallangan yangi bitimga imzo chekkan.
Avvalroq jurnalist Fabris Xokins ham tomonlar kelishuvga erishganini ma’lum qilgandi.
Qayd etilishicha, Angliyaning ikki top-klubi Mayuluga jiddiy qiziqish bildirgan. Biroq futbolchining o‘zi Parijda qolishni afzal ko‘rgan.
Mayulu «PSJ» akademiyasining eng yorqin tarbiyalanuvchilaridan biri hisoblanadi va klub rahbariyati uni jamoa kelajagining muhim qismi sifatida ko‘rmoqda.
Yosh futbolchi so‘nggi mavsumlarda asosiy tarkibga yaqinlashib, o‘zining texnikasi, o‘yin intellekti va universalligi bilan mutaxassislar e’tiborini qozongan.
Shu tariqa, «PSJ» Yevropaning yetakchi klublari qiziqishiga qaramay, o‘zining navbatdagi iste’dodini uzoq muddatga jamoada saqlab qolishga erishdi.