«PSJ» hujumchisi Bredli Barkola jamoani tark etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda TEAMtalk nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, fransiyalik futbolchi klubdagi hozirgi maqomidan norozi. Ayniqsa, u UEFA Chempionlar ligasi yarim finali va final bahslarida asosiy tarkibda maydonga tushmagani sabab hafsalasi pir bo‘lgan.
Qayd etilishicha, mavsumning eng muhim uchrashuvlarida zaxirada qolishi Barkolada muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish qiyinligi haqidagi fikrni kuchaytirgan.
Xabarlarga qaraganda, futbolchi o‘z istagini klub rahbariyatiga ham yetkazgan.
«PSJ» vinger bilan xayrlashishni istamayapti, biroq klub Barkolaning noroziligini tushunmoqda.
22 yoshli futbolchiga Yevropaning bir qator grand klublari qiziqish bildirmoqda. Ular orasida «Arsenal», «Liverpul», «Barselona», «Bavariya» va Madridning «Real» klublari bor.
2025/26 yilgi mavsumda Barkola barcha musobaqalarda 49 ta uchrashuvda ishtirok etib, 13 ta gol urdi va 7 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.
Futbolchining «PSJ» bilan amaldagi shartnomasi 2028 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan. Transfermarkt portali uning transfer qiymatini 70 million yevroga baholamoqda.