«Roma» markaziy yarimhimoyachisi Manu Kone yozgi transfer oynasida klubini o‘zgartirishi mumkin. 25 yoshli futbolchiga Londonning «Arsenal» klubi jiddiy qiziqish bildirmoqda. Bu haqda L'Équipe xabar berdi. Transfer bo‘yicha dastlabki ma’lumotlar Angliya va Italiya OAVlarida ham tasdiqlanmoqda.
Manbalarga ko‘ra, «kanonirlar» fransiyalik futbolchini yozgi transfer oynasida xarid qilish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Shu bilan birga, «Roma» moliyaviy qoidalarga rioya qilish maqsadida asosiy futbolchilaridan birini sotishga majbur bo‘lishi mumkin.
Xabarlarga qaraganda, Kone transferi taxminan 40 million yevroga baholanmoqda, ayrim manbalar esa summa 50 million yevrogacha yetishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
25 yoshli futbolchi nafaqat «Arsenal», balki Milaning «Inter» klubi qiziqish doirasidan ham o‘rin olgan. Avvalroq Italiya matbuoti Konega bir qator Yevropa grandlari e’tibor qaratayotgani haqida xabar bergan edi.
2025/26 yilgi mavsumda Manu Kone barcha musobaqalarda 37 ta bahsda maydonga tushib, 2 ta gol va 3 ta assist qayd etdi. Fransiyalik yarimhimoyachi energiyasi, to‘p bilan ishlashi va pressingdagi faolligi bilan ajralib turadi.