Italiyaning «Komo» klubi yarimhimoyachi Niko Pasni jamoada saqlab qolish uchun harakatlarni davom ettirmoqda.
Insayder Nikolo Skiraning xabar berishicha, Madridning «Real» klubi Bernardu Silvani o‘z safiga qo‘shib olganidan so‘ng, «Komo» 21 yoshli futbolchini yana bir mavsum jamoada olib qolish bo‘yicha sa’y-harakatlarini kuchaytirgan.
Ayni paytda klublar o‘rtasida muzokaralar davom etmoqda.
Avvalroq Niko Pasning o‘zi ham Bernardu Silvaning kelishi fonida «Real»ga qaytishni istamayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Argentinalik futbolchi 2025/26 yilgi mavsumni yuqori saviyada o‘tkazdi. U barcha musobaqalarda 40 ta bahsda maydonga tushib, 13 ta gol urdi va 8 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.
Eslatib o‘tamiz, «Komo» kelasi mavsum UEFA Chempionlar ligasida ishtirok etadi va klub Pasni ushbu turnir uchun muhim futbolchilardan biri sifatida ko‘rmoqda.
Ma’lumot uchun, «Real» Niko Pas bo‘yicha qayta sotib olish huquqini saqlab qolgan.