Madridning «Real» klubi darvozaboni Tibo Kurtua jamoasidagi kelajagi haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
Belgiyalik posbonning ta’kidlashicha, u shartnoma masalasiga xotirjam yondashmoqda va klubning siyosatini yaxshi tushunadi.
«Mening kelajagim? U «Real» bilan bog‘liq. Bu klubda futbolchi 30 yoshdan oshganidan keyin shartnomalar odatda bir yilga uzaytiriladi. Shu sababli men bunga xotirjam qarayman.
Agar hozirgi darajamni saqlab qolsam, shartnomani uzaytirish muammo bo‘lmaydi. Biroq «Real» top-darajadagi klub va ertami-kechmi mening o‘rnimni bosadigan futbolchi haqida ham o‘ylashi kerak», — dedi Kurtua.
Eslatib o‘tamiz, belgiyalik darvozabon 2018 yilning yozidan buyon Madrid klubi sharafini himoya qilib kelmoqda.
Uning «Real» bilan amaldagi shartnomasi 2027 yilning 30 iyuniga qadar mo‘ljallangan.
2025/26 yilgi mavsumda Kurtua barcha musobaqalarda 45 ta bahsda maydonga tushib, 43 ta gol o‘tkazib yubordi. Shuningdek, u 17 uchrashuvda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi.
Ma’lumot uchun, Transfermarkt portali 34 yoshli darvozabonning bozor qiymatini 15 million yevroga baholamoqda.