«Yuventus» yangi sport direktori Jovanni Karnevali tayinlanganidan so‘ng transfer siyosatini o‘zgartirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Football Italia mahalliy OAVlarga tayanib xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Turin klubi rahbariyati bosh murabbiy Luchano Spallettiga italiyalik futbolchilardan iborat mustahkam o‘zakka ega jamoa shakllantirishda yordam bermoqchi.
«Byankonerilar»ning asosiy transfer maqsadlaridan biri «Liverpul» hujumchisi Federiko Kyeza hisoblanadi. Italiyalik futbolchi avvalroq 2024 yilda Turin klubini tark etishni istamaganini aytgan va qaytish ehtimolini istisno qilmagan edi.
Shuningdek, «Yuventus» «Liverpul» himoyachisi Jovanni Leoniga ham qiziqish bildirmoqda. Yosh futbolchi o‘tgan mavsum debyut uchrashuvida xochsimon bog‘lamlarini uzib olgani sabab deyarli butun mavsumni o‘tkazib yubordi.
Turinliklar «Fiorentina» yarimhimoyachisi Sher Ndur faoliyatini ham diqqat bilan kuzatmoqda. Yaqinda Italiya milliy jamoasida debyut qilgan futbolchi klubning uzoq muddatli rejalaridan o‘rin olgan.
Xabarlarga ko‘ra, «Yuventus» ehtimoliy transfer doirasida Fabio Mirettini taklif qilishi va qo‘shimcha mablag‘ to‘lashi mumkin.
Bundan tashqari, «Sassuolo» vingeri Domeniko Berardi ham Turin klubining qiziqish doirasiga kirgan. Transfer amalga oshsa, futbolchi yana Karnevali bilan birga ishlash imkoniga ega bo‘ladi.
Qayd etilishicha, «Fiorentina» Ndurni kelajak loyihasining muhim qismi deb hisoblamoqda va futbolchini osonlik bilan qo‘yib yuborishni rejalashtirmayapti.