Tajribali darvozabon Yasper Sillessen mavsum yakunida Niderlandiyaning NEK klubi bilan xayrlashadi. Tomonlar yangi shartnoma borasida kelishuvga erisha olmadi.
Xabarlarga ko‘ra, kelishmovchilik shartnoma muddatiga bog‘liq bo‘lgan. Futbolchi kamida ikki yillik bitim imzolashni va keyinchalik klub tizimida darvozabonlar murabbiyi sifatida faoliyat yuritishni istagan.
Biroq NEK rahbariyati Sillessenga faqat bir yillik shartnoma taklif qilgan. Natijada muzokaralar to‘xtatilgan va tomonlar hamkorlikni davom ettirmaslikka qaror qilgan.
O‘tgan mavsumda Niderlandiya milliy jamoasi va «Barselona» klubi sobiq posboni ko‘proq zaxirada qoldi. Shunga qaramay, u Niderlandiya Kubogi uchrashuvlarida, jumladan final bahsida ham jamoa darvozasini qo‘riqladi.
2025/26 yilgi mavsumda Sillessen NEK safida 8 ta uchrashuvda maydonga tushdi.
37 yoshli darvozabon faoliyatini yakunlash niyatida emas va allaqachon o‘ziga yangi klub izlashni boshlagan.