«Manchester Yunayted» yozgi transfer oynasida yarimhimoya chizig‘ini kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Klubning navbatdagi nishoni «Fulhem» tayanch yarimhimoyachisi Sander Berge bo‘lishi mumkin. Bu haqda insayder Ekrem Konur xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, mankunianliklar 28 yoshli norvegiyalik futbolchining transfer imkoniyatlarini o‘rganmoqda. «Fulhem» esa futbolchini foyda bilan sotishga tayyor.
Eslatib o‘tamiz, London klubi Bergeni ikki yil avval 29 million yevro evaziga o‘z safiga qo‘shib olgan edi.
2025/26 yilgi mavsumda norvegiyalik yarimhimoyachi barcha musobaqalarda 39 ta uchrashuvda maydonga tushib, 1 ta gol muallifiga aylandi.
Bergening «Fulhem» bilan amaldagi shartnomasi 2029 yilning yoziga qadar amal qiladi. Transfermarkt portali futbolchining bozor qiymatini 25 million yevroga baholamoqda.
«Manchester Yunayted» yozda tarkibni yangilashni maqsad qilgan va Berge jamoaning markaziy yarimhimoyasini kuchaytirishi mumkin bo‘lgan variantlardan biri sifatida ko‘rilmoqda.