«Real» Kilian Mbappening Xitoy kommunistik partiyasi yetakchisi bo‘lgan Mao Szedun haqidagi gaplari uchun uzr so‘radi.
Eslatib o‘tamiz, fransiyalik hujumchi o‘zini diktator sifatida tasvirlagan memlar haqidagi savolga javob berar ekan, shunday degan edi: «Meni eng ko‘p kuldirgani — xitoylik diktator Mao Szedun qiyofasida tasvirlangan mem bo‘ldi. Uni do‘stlarim bilan muloqotda tez-tez ishlataman».

Shundan soʻng Xitoyning uchta kompaniyasi futbolchi bilan hamkorlikni toʻxtatdi. Shuningdek, Xitoyda Ispaniya chempionati oʻyinlarini namoyish etish vaqtincha toʻxtatildi.
Keyinchalik Ispaniya La Ligasi, uning prezidenti Xaviyer Tebas va Mbappening oʻzi omma oldida uzr soʻrashdi.
Endi esa «Real» ham bayonot berib, uzr so‘radi.
«Real Madrid» klubi futbolchimiz Kilian Mbappening yaqinda bildirgan fikrlari tufayli Xitoy xalqi vakillarida yuzaga kelgan salbiy his-tuyg‘ular uchun uzr so‘raydi.
Klubimiz Xitoyga, uning tarixi, madaniyati va fuqarolariga, shuningdek, «Real»ni mehr va havas bilan qo‘llab-quvvatlaydigan millionlab xitoylik muxlislarga chuqur hurmat bilan qaraydi.
Klub Kilian Mbappening omma oldida bildirgan uzrlariga qo‘shiladi. Futbolchi o‘z so‘zlaridan afsusda ekanini bildirib, Xitoy xalqiga bo‘lgan hurmatini yana bir bor tasdiqladi.
«Real Madrid» hurmat, birgalikda tinch-totuv yashash va madaniyatlar o‘rtasidagi o‘zaro tushunish qadriyatlariga sodiq. Shuningdek, Xitoy va uning fuqarolari bilan klubni bog‘lab turgan do‘stlik va mehr rishtalarini yanada mustahkamlash istagini bildiradi», — deyiladi Madrid klubi bayonotida.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi