Shvetsiya milliy jamoasi bosh murabbiyi Grem Potter JCH-2026 guruh bosqichining 2-turida Niderlandiyaga qarshi o‘yindagi 1:5 hisobidagi mag‘lubiyat haqida fikr bildirdi.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, jamoasi juda kuchli raqibga qarshi maydonga tushgan va ushbu o‘yindan muhim xulosalar chiqarishi kerak.
«Biz juda yaxshi jamoaga qarshi o‘ynadik. Raqib qanotlarda xavfli vaziyatlar yaratdi. Birinchi gol uzoq uzatmadan keyin urildi va biz bu vaziyatda yaxshi harakat qila olmadik.
Birinchi bo‘limni umuman yaxshi boshlamadik. Bu shunday o‘yinlardan biri bo‘ldiki, undan juda ko‘p saboq olishimiz mumkin. Ba’zan shunday tajriba ham kerak bo‘ladi.
O‘yin aynan shunday kechadi deb o‘ylamagandim, ammo endi undan to‘g‘ri xulosa chiqarishimiz kerak», — dedi Potter FIFA saytiga.
Eslatib o‘tamiz, Shvetsiya Niderlandiyaga 1:5 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Ushbu natijadan so‘ng shvedlar F guruhida 3 ochko bilan ikkinchi o‘rinda qolmoqda.