Live
5
O'zbek

PFL «Dinamo»ning hakamlik boʻyicha bayonotini oʻrinli deb hisoblaydi

Futbol
18 sentabr, 11:12
Liga holatga eʼtibor qaratdi.
PFL «Dinamo»ning hakamlik boʻyicha bayonotini oʻrinli deb hisoblaydi
Фото: Динамо ПФК
17.09.2026 FT O‘zbekiston Superligasi Navbahor Namangan Navbahor Namangan 3 : 2 Dinamo Samarqand Dinamo Samarqand

Superliga 22-turi doirasidagi «Navbahor» — «Dinamo» uchrashuvida yuz bergan ayrim vaziyatlar boʻyicha «Dinamo» klubi matbuot xizmati tomonidan eʼlon qilingan videomaterial hamda unda oʻrtaga tashlangan savollarni PFL oʻrinli deb hisoblaydi.

«2026-yilgi mavsumda professional futbol uchrashuvlarida faoliyat olib borayotgan hakamlarning ayrim epizodlarda yoʻl qoʻyayotgan xatolari Ligani ham xavotirga solmoqda. Ayniqsa, oʻyin natijasiga bevosita taʼsir koʻrsatayotgan xatolarning davomli sodir etilayotgani Superligaga boʻlgan ishonchga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Shuni hisobga olgan holda, Liga oʻz vakolati doirasida ichki surishtiruv ishlarini Superliga 6-turidan keyinoq boshlagan. Jumladan, hakamlarning xalqaro maydondagi faoliyati ham qayta koʻrib chiqilishi zarurligi masalasini koʻtargan.

Maʼlumki, hakamlarning uchrashuvlardagi faoliyati Ekspert hakamlar qoʻmitasi tomonidan tahlil qilinadi. Past baho olgan yoki jiddiy xatoga yoʻl qoʻygan referilarga nisbatan jazo chorasi esa OʻFA Hakamlar qoʻmitasi tomonidan koʻrib chiqiladi. Liga tomonidan olib borilayotgan oʻrganishlarda aynan shu jihat muhim ahamiyat kasb etadi. Yaʼni, vaqtinchalik choralar bilan cheklanish professional futbol hakamligida shaffof tizim yaratish hamda mazkur yoʻnalishni tartibga keltirish uchun yetarli emas.


Shundan kelib chiqib, Liga OʻzFHM va umuman hakamlik sohasi tizimida jiddiy oʻzgarishlarni amalga oshirish lozimligi, bunda qanday mexanizmlarni yoʻlga qoʻyish maqsadga muvofiq ekani borasidagi oʻz pozitsiyasini OʻFA rahbariyatiga taqdim etdi. Tez orada mazkur masala Assotsiatsiya va Liga oʻrtasida muhokama qilinadi. Liga har qanday holatda ham tizimni oʻzgartirish zarurligi borasidagi oʻz pozitsiyasini himoya qiladi.

«Dinamo» klubi matbuot xizmati tomonidan Ligaga tegishli koʻchma televizion stansiya masalasi ham koʻtarilgan. Mazkur KTS oʻz ichiga 7 ta kamerani qamrab olgan boʻlib, bunda Liga va Sport TV oʻrtasida imzolangan shartnoma boʻyicha talablar toʻliq bajarilgan. Kameralarning 3 tasi Super Slow Motion funksiyasiga ega boʻlib, ular takroriy lavhalarni sekinlashtirilgan holda aniq koʻrsatib berish imkonini beradi. «Navbahor» — «Dinamo» uchrashuvidan keyin eʼtiborga tushayotgan kadrlar ham aynan shuning samarasidir. Shundan kelib chiqib, mazkur holat OʻzFHM tomonidan qanday talqin qilinishi muhim ahamiyat kasb etadi. Liga bu borada oʻrganish ishlarini olib boradi.

Liga «Dinamo» futbol klubi va uning muxlislari tomonidan bildirilayotgan eʼtirozlarda asos borligini eʼtirof etadi. Boisi, bahsli epizodlar klub bilan bogʻliq uchrashuvlarda ikki mavsum davomida bir necha bor kuzatilmoqda. Liga bunday holatlar sodir boʻlganida va klub tomonidan reglamentga asosan eʼtiroz taqdim etilganida, OʻzFHM vaziyatlarni qanday talqin qilishi boʻyicha doim surishtiruv olib boradi.

Biroq «Dinamo» futbol klubi Superliga reglamentida belgilangan tartib boʻyicha na «Qoʻqon-1912» bilan uchrashuvdan keyin, na «Navbahor» bilan oʻyin yakunida rasmiy shikoyat arizasini kiritdi. Eʼtiroz faqat klub matbuot xizmati tomonidan keng jamoatchilikka olib chiqildi.


Mazkur nuqtada Liga «Dinamo» klubi matbuot xizmatining shubha va eʼtirozlarida jon bor deb hisoblaydi. Oʻz navbatida, klub rahbariyatini bu kabi holatlarga reglament asosida munosabat bildirishga chaqiradi.

Zero, Liga hakamlik sohasini isloh qilish yuzasidan kiritgan taklifida hakamlik bilan bogʻliq barcha holatlar faqat sobiq hakamlar tomonidan koʻrib chiqilayotganiga eʼtiroz bildirib, bu jarayonda klublarning rolini oshirishga alohida urgʻu qaratgan. Shuningdek, bahsli vaziyatlar nafaqat hakamlar, balki sobiq futbolchilar ishtirokida ham koʻrib chiqilishi hamda har qanday bahsli epizod OʻzFHM mutaxassislari tomonidan keng jamoatchilik uchun ochiq tarzda sharhlab berilishi lozimligi qayd etilgan», - deyiladi PFL xabarida.


Maʼlumot uchun, bugunga kelib Liga hakamlik sohasini isloh qilish boʻyicha oʻzining qatʼiy pozitsiyasiga ega. Tez orada mazkur masala Superliga va Proliga klublari rahbarlari ishtirokidagi yigʻilishda muhokama qilinishi ham taʼkidlangan.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Navbahor Namangan Navbahor Namangan
  • Dinamo Samarqand Dinamo Samarqand
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar