Bugun
107
O'zbek

Jahongirbek Abdusalomov: «Ikkinchi davraga kelib «Dinamo»da vaziyat ijobiy tomonga o‘zgardi»

Eksklyuziv
12 sentabr, 01:03
Abdusalomov Tribuna.uz nashri uchun eksklyuziv intervyu berdi.
Jahongirbek Abdusalomov: «Ikkinchi davraga kelib «Dinamo»da vaziyat ijobiy tomonga o‘zgardi»
Фото: Динамо ПФК

Samarqandning «Dinamo» klubi Superliga 21-turida o‘z maydonida «Qizilqum»ni qabul qildi. Bellashuv 1:0 hisobida mezbonlarning g‘alabasi bilan yakuniga yetdi. Natijada jamoa turnir jadvalida 30 ochko bilan 9-pog‘onada bormoqda. «Oltin izlovchilar»ga qarshi bahsdan so‘ng jamoa yetakchi o‘yinchilaridan biri Jahongirbek Abdusalomov Tribuna.uz nashri uchun eksklyuziv intervyu berdi.

- Jahongirbek, avvalo «Dinamo»ning muhim g‘alabasi bilan tabriklaymiz. «Qizilqum»ga qarshi bahsdan so‘ng qanday taassurotlarga ega bo‘ldingiz?

- O‘yin juda qiyin bo‘lishini oldindan bilardik. Shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rdik. Kutilganidek, raqib yaxshi qarshilik ko‘rsatdi. Biz ham o‘z imkoniyatlarimizni kutdik. Gol urish qulay imkoniyatimiz bo‘lishini bilardik. Bundan foydalansak, albatta, raqib darvozasini ishg‘ol qilishimiz mumkin edi. Aynan shundan vaziyatlarning birida gol urdik va yakunda g‘alabani ilib ketdik.

- «Dinamo»ning bu mavsumda Superligadagi ishirokini qanday baholaysiz?

- To‘g‘risi, mavsumning birinchi davrasida ancha qiyin bo‘ldi. Ko‘p o‘yinlarni boy berdik. Qolaversa, moliyaviy tomonlama ham muammolar bo‘ldi. Ikkinchi davraga kelib, hammasi joyiga tushmoqda. Vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartira oldik. O‘ylaymanki, hammasi yanada yaxshi bo‘ladi.

- O‘zingizning ishtirokingizni qanday baholaysiz? Ko‘nglingiz to‘lyaptimi?

- O‘ylashimcha, har bir professional futbolchi hech qachon o‘yinidan qoniqish hosil qilmasa kerak. Har doim xato va kamchiliklar kuzatiladi. Paysayish bo‘ladi. Futbolchi esa o‘sha xatolaridan xulosa chiqarib, yanada o‘sishga intiladi. Har qanday vaziyatda ham jamoaga ko‘proq yordamim tegishi uchun harakat qilaman. Bu yo‘lda mashg‘ulotlarda yanada ko‘proq ter to‘kaman.

- «Dinamo» qanday maqsad va vazifalar uchun kurashmoqda?

- Faqat yuqori o‘rinlar uchun kurashadi. O‘ylaymanki, hali oldinda turgan bellashuvlarda yanada yaxshi natijalarni qayd etamiz. Hozirgi o‘rinlardan yuqorida bo‘lishga harakat qilamiz. Bunga jamoaning imkoniyatlari yetarli deb hisoblayman. Yo‘qotilgan ochkolarni to‘ldirib borishimiz kerak.

- Ortda qolgan o‘yinlarga nazar solsak. Qaysi o‘yinlar jamoangiz uchun qiyin kechdi?

- To‘g‘risi, oson o‘yinning o‘zi bo‘lmayapti. Har bir jamoaga qarshi bahs juda qiyin kechmoqda. Shu sabab ortda qolgan bahslar davomida oson qarama-qarshilikga duch kelganimiz yo‘q. Hammasida o‘ziga yarasha qiyinchiliklar bo‘lmoqda.

- Sizningcha, qaysi jamoa Superligada chempion bo‘ladi?

- Hozir taxmin qilish qiyin. Chempionlik masalasi mavsum yakuniga qadar saqlanib qolsa kerak.

- Keyingi rejalaringiz qanday?

- Bu haqda mavsum yakunida aniq javob bera olaman. Ehtimol «Dinamo»da qolishim mumkin. Hammasiga chempionat yakuniga yetganidan so‘ng bir qarorga kelaman.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Dinamo Samarqand Dinamo Samarqand
Bugungi yangiliklar