«Dinamo» klubi o‘z uyida «Qizilqum»ga qarshi bo‘lib o‘tgan bahsda yagona gol evaziga muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Qiyin o‘tgan bahsdan keyin samarqandliklar ustozi Vadim Abramov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
— Avvalo, g‘alaba bilan tabriklaymiz! O‘yin juda og‘ir kechdi va jamoa uchun muhim g‘alaba qo‘lga kiritildi. Bugungi uchrashuv haqidagi fikrlaringiz?
— Ha, rahmat. O‘zingiz ham ko‘rdingiz, g‘alaba qozonish oson bo‘lmadi. Raqib munosib o‘yin ko‘rsatdi, juda yaxshi harakat qildi. Aslida, bugun shunday qiyin bo‘lishini kutgandik. Chunki tarkibimizdagi bir qator futbolchilarning yo‘qligi biz uchun muammo tug‘dirmoqda. Shuning uchun yigitlarga alohida minnatdorlik bildirish kerak. Ular shunday o‘yinni oxirigacha yetkazib, g‘alabani qo‘lga kirita oldi. Uchrashuvda hissiyotlar juda yuqori bo‘ldi, goh u tomonga, goh bu tomonga og‘ib turgan «validolli» o‘yin kechdi.
Menimcha, birinchi bo‘limdan keyin, ayniqsa ikkinchi taymda ustunlik biz tomonda bo‘ldi. Eng muhimi, yaratgan imkoniyatimizni golga aylantira oldik. Umuman olganda, ikkinchi bo‘limda g‘alabaga biz yaqinroq bo‘ldik, deb o‘ylayman. Shuning uchun bugungi g‘alaba qanday bo‘lsa, shundayligicha qabul qilamiz.
— Jamoaga Hojimirzayev va Abdurahmonov juda yetishmayapti. O‘zbekiston futbol federatsiyasi bilan kelishib, Abdurahmonovning bugungi uchrashuvda maydonga tushishini ta’minlashning imkoni bo‘lmadimi? Masalan, bugun Xitoyga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lmoqda va u zaxira o‘rindig‘ida o‘tiribdi. U axir «dubl» futbolchisi emas, uning asosiy tarkib o‘yinchisi ekani allaqachon isbotlangan.
— Bu savolga aniq javob berish qiyin. Baribir bu masala terma jamoa bosh murabbiyiga bog‘liq. Ularning ham o‘z vazifalari bor va bu ustuvor hisoblanadi. Men avval ham aytganman: bizning vazifamiz — terma jamoa uchun futbolchilar tayyorlash. Albatta, boshqa tomondan qaraganda, uni bugun bizga qo‘shib berish mumkin edi. Lekin tasavvur qiling, u bugun o‘ynaganida jarohat olsa-chi? Men bu holatni tushunaman. Chunki o‘zim ham murabbiylik faoliyatimda shunday vaziyatlarga duch kelganman. Shuning uchun bu masalada aniq bir narsa deyish qiyin. Albatta, u biz bilan bo‘lganida, bizga ancha oson bo‘lardi.
- Stadion ma’muriyati «Dinamo» jamoasiga mashg‘ulot uchun maydonni bermayaptimi?
— Maydon masalasida futbolchilarga sharoit yaratilmayapti, degan gap noto‘g‘ri bo‘ladi. Chunki bu gazonni aynan shu tarzda saqlab qolishimizga o‘zimiz ham hissa qo‘shyapmiz. Biz bu yerda ko‘p mashg‘ulot o‘tkazmaymiz. Masalan, Farg‘ona jamoasi bu yerda o‘yindan oldingi mashg‘ulotini o‘tkazgan. Ular bor-yo‘g‘i yarim soat mashg‘ulot qilishgan, ammo nima uchundir jarima maydoni ichiga kirib, o‘sha joyni ancha buzib ketishgan. Bu holatning ta’siri hozirgacha sezilib turibdi. Maydon hali to‘liq tiklanmagan.
Yuqoridan qaraganda, to‘p tepilganda chimlarning uchib ketayotganini o‘zingiz ham ko‘ryapsiz. Agar biz bu yerda muntazam mashg‘ulot o‘tkazsak, bunday gazon, albatta, qolmaydi. Shuning uchun aytaman: bu gazon juda nozik.
— To‘y masalasiga kelsak…
— Bu haqda izohsiz qoldiraman, tushunyapsizmi? Ilgari «Krokodil» jurnali bo‘lardi, hozir u yo‘q. Balki tez orada yana paydo bo‘lar. Shuning uchun... Yaxshisi, tez orada to‘ylar o‘tkaziladigan joyga to‘p bilan kirib, normal futbol o‘ynaymiz. U yerda ham maydon kvadrat shaklida bo‘ladi.
Bilasizmi, bugun bir qiziq faktga duch keldim. Ma’lum bo‘lishicha, bugun 6500 dan ortiq chipta sotilgan. Men ham bundan hayron qoldim. Chunki avval stadionga 3500 nafar atrofida muxlis kirishi aytilgan edi. Holbuki, stadionimizning sig‘imi...
Men bilmayman, balki chiptasiz kirganlar ham bo‘lgandir. Lekin bu qanday qilib mumkin bo‘lganini tushunmadim.
— «Navbahor»ga qarshi o‘yinda jarohat olgan futbolchilardan kimdir safga qaytishi mumkinmi?
— Albatta, umid qilamiz. Balki qandaydir moʻjiza ro‘y berib, kimdir safga qaytar. Ko‘ramiz. Hozircha aniq bir narsa deyish qiyin.
— Ikkinchi taymga nazar tashlasak, jamoa ikkinchi bo‘limda ancha qo‘shdi. Sizningcha, nima o‘zgardi? Shuningdek, o‘yin davomida amalga oshirilgan ikki almashtirish o‘z vaqtida bo‘ldimi? Masalan, shartli ravishda, To‘xtasinov jamoa oldinga o‘tayotgan paytda maydonga tushdi. Nima uchun?
— To‘xtasinov jarohat bilan o‘ynayapti. Bu jarohat unga to‘liq kuch bilan harakat qilish imkonini bermayapti. Hozir tarkib bilan bog‘liq muammolarimiz borligi uchun uni ehtiyot qilyapmiz. Shu sababli u jamoaga juda qiyin bo‘lib qolgan paytda maydonga tushyapti.
Uning jarohati uch oydan beri bezovta qilyapti. Shunga qaramay, u shu jarohat bilan mashg‘ulot o‘tkazib, o‘yinlarda ham qatnashyapti. Shu bilan bog‘liq muammolar bor. Ikkinchi taymga keladigan bo‘lsak, biz qayta tuzildik, futbolchilarning pozisiyalarini o‘zgartirdik. O‘zingiz ham ko‘rdingiz — to‘p nazorati biz tomonga o‘tdi va asta-sekin ustunlik qila boshladik. To‘pni raqib yarim maydoniga ko‘proq o‘tkazdik, shoshilmadik va hujumlarni yakuniy zarbagacha yetkazishga harakat qildik. Natijada gol urdik.
— Tigran Avanesyan birinchi marta asosiy tarkibda maydonga tushdi va tanaffusdan keyin darhol almashtirildi? Ilgari bunday holat bo‘lmagan edi.
— Bu uning o‘ynagan pozisiyasi bilan bog‘liq. U yerda futbolchidan faolroq va jasurroq harakat qilish talab etilardi. U esa biroz kamtarlik qildi, ehtiyotkor o‘ynadi. Shu sababli uni almashtirdik. Menimcha, asta-sekin moslashib ketadi. U — malakali futbolchi va biz unga juda katta umid bog‘layapmiz. Yangi chempionatga moslashish jarayoni ketyapti va bu umuman olganda, normal holat.
Masalan, avval xuddi shu Dumbiya ham unchalik yaxshi ko‘rinmagan edi. Bugun esa o‘zini ancha jozibali namoyon qildi. Ular O‘zbekiston chempionatiga moslashib borishyapti. Buning uchun baribir vaqt kerak. Shuning uchun keyingi turga kelib, yanada yaxshi o‘ynaydi, deb umid qilaman.
— Siz aytganingizdek, jamoaga hali yangi futbolchilar qo‘shilgani yo‘q, ammo mavjud barcha resurslardan foydalanyapsizlar. Bir nechta futbolchi almashtirildi, deyarli barcha o‘yinchilar maydonga tushmoqda. Hatto zaxirada «joker»lar ham qolmayapti, jarohatlangan futbolchilar juda ko‘p. Namanganda qiyin bo‘ladi, shundaymi?
— Namanganda hamma futbolchilarimiz sog‘ bo‘lganida ham qiyin bo‘lardi. Shuning uchun raqibni hurmat qilamiz va o‘yinga tayyorlanamiz. Har bir jamoa raqib unga qancha imkon bersa, shuncha o‘ynaydi. Hozir chempionatda o‘yinlar soni ko‘p, maydonlar, jarohatlar... Shuning uchun har qanday holat yuz berishi mumkin. Bilmadim, ko‘ramiz. Har holda menda hech qanday xavotir yo‘q. Hozirdan boshlab yana jarohat olganlar ko‘paymasa, kamida kimlarga tayana olishimizni bilamiz.
— O‘rozovni jamoa uchun yo‘qotish, desak bo‘ladi. U jamoani kuchaytirishi mumkin edi, to‘g‘rimi?
— U albatta ajoyib futbolchi va yo‘qligini bilinadi. Bilasizmi, bu yil bizda shunday vaziyat yuzaga keldi. Mavsumni unchalik omadli boshlay olmadik. Albatta, endi medallar va Kubok uchun kurashga qo‘shilishimiz qiyin. Shuning uchun biz bir futbolchiga yo‘l berdik. Uning katta kelajagi bor, deb umid qilamiz. Agar biz ham uning rivojiga qandaydir hissa qo‘sha olgan bo‘lsak, buning o‘zi yaxshi. U rivojlansin, Rossiyada O‘zbekiston futboli sharafini munosib himoya qilsin va boshqa yigitlarimiz ham unga ergashsin. Menimcha, bu o‘zbek futboli uchun foydali bo‘ladi. Biz futbolchimiz Rossiyada munosib ko‘rinish berayotganidan faxrlanamiz. So‘nggi o‘yinlari va u haqidagi fikrlarga qaraganda, u yerdagi eng yomon legionerlar qatorida emas, deb o‘ylayman.
— Uni to‘liq sotib olishlari mumkinmi? Qandaydir muzokaralar ketyaptimi? Hammasi to‘liq transfer masalasiga borib taqalyaptimi?
— Vaziyat shunday bo‘ldiki, dastlab futbolchining agentlari muzokara jarayonini cho‘zib yuborishdi. Chunki uning qayerga ketishi haqida turli gaplar bo‘ldi: Angliya, Irlandiya, Yevropaning boshqa davlatlari, Germaniya…
Shundan keyin «Rubin» ham kutib o‘tirmadi va tabiiyki, ushbu pozisiya uchun boshqa futbolchi izlay boshladi. Jarayon biroz cho‘zildi. Keyin esa yana O‘rozov variantiga qaytishdi. Bu paytga kelib, shartlar ham o‘zgarib bo‘lgan edi. Natijada ular uni keyinchalik sotib olish huquqi bilan ijaraga olishdi. Agar u belgilangan miqdorda o‘yinlarda maydonga tushsa... Menimcha, hozir biz uchun uning qaytishi hatto foydaliroq bo‘lar edi. Lekin tabiiyki, ular malakali futbolchini qo‘lga kiritishdi.
— Demak, shartnomada ularning futbolchini belgilangan summa evaziga to‘liq sotib olish huquqi bor, shundaymi?
— Ha, albatta», - deya Abramovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.