“Lokomotiv” himoyachisi Abdulloh Yoʻldoshev klub matbuot xizmatiga intervyu berdi.
- “Navbahor”ga qarshi oʻyin haqida?
- Tezkor, jangovar va kurashlarga boy oʻyin boʻldi. “Navbahor” muxlislari futbolchilar uchun yaxshi atmofsera yaratib berishdi. Ularga ham rahmat aytish kerak.
- Maydon ogʻir deyishdi. Bu qanchalik haqiqatga yaqin?
- Ancha emas, 100 foiz ogʻir. Maydon hatto sunʼiy maydondan ham qattiq. Toʻgʻrisi hali bunday maydonda oʻynamagandik. Lekin futbolchi uchun maydonning farqi boʻlmasligi kerak, deb oʻylayman. Bunday maydonlar jarohati bor futbolchilar uchun qiyinchilik tugʻdirishi mumkin. Maydon ogʻir boʻlishiga qaramasdan jangovar oʻyin koʻrsatishga harakat qildik.
- Natijadan qoniqdingizmi?
- Barcha jamoalar maydonga gʻalaba uchun tushishadi. Hech kim durang yoki 0:1 hisobida yutqazish uchun oʻynamaydi. Tajribali futbolchilarimiz bizga har doim yordam berib, bizning shunday jangovar oʻyin koʻrsatishimizga turtki berishmoqda.
- Jamoa har 4-5 kunda oʻyin oʻtkazmoqda. Bu jamoaga qanchalik taʼsir qilmoqda?
- Oʻyinlardan keyin, menimcha, hamma bosh murabbiylar futbolchilariga dam beradi. Futbolchi uchun 1 kun dam yetadi deb oʻylayman. Oʻyinlar ketma-ketligiga keladigan boʻlsak, oʻyinlar soni qanchalik koʻp boʻlsa, bizga shunchalik yaxshi. Agarda tiklanish jarayonini toʻgʻri olib borsa, professional futbolchi 4-5 kunda oʻyin oʻtkaza oladi, deb oʻylayman.
- Oʻz oʻyiningizdan qanchalik qoniqyapsiz?
- Baʼzi oʻyinlarda xatoyim sababli gol oʻtkazgan paytlarimiz, ayrim paytlardaв maydon sababli xatolar qilgan paytlarim boʻldi. Shu sababli oʻz oʻyinimning 20 foizidan qoniqish hosil qilmadim, desam boʻladi.
- Istalgan futbolchida xatolar boʻladi. Shunday paytda Sizni kim qoʻllab-quvvatlaydi?
- Ilk navbatda Temurxoʻjaё Abduxoliqov, Sardor Mirzayev, Shuhrat Muhammadiyev va Oleg Zoteyev. Toʻgʻrisi hali ular kabi futbolchilarni koʻrmaganman. Ularni akam oʻrnida koʻraman, har doim bizni zoʻr qoʻllab-quvvatlashadi. Shu fursatdan foydalanib, ularga alohida rahmat aytib qolaman.
- Uydagilarning munosabati qanday?
— Asosan ota-onam oʻyinlarni tomosha qilishadi. Oʻyindan keyin ular bilan gaplashdim, “Navbahor”ni magʻlub eta olishimiz mumkinligini aytishdi.
- Onangiz qanchalik qaygʻuradi?
- Jarohat yoki biroz ogʻirroq holatlar boʻlib qolsa, qaygʻuradi. Buni faqatgina maydonda farzandi oʻynayotgan ota-onalar his qilsa kerak. Otam esa yoshligidan futbolchi boʻlgan va har doim duoda boʻladi.
- Uyda oʻyin haqida gaplashasizlarmi?
- Oʻyindan keyin kamida 1 soat gaplashamiz. Nazariy mashgʻulot boʻladi, ular oʻz fikrlarini aytadilar, men ham fikrlarimni bildiraman. Otamdan koʻp narsalarni oʻrganganman va ularga oʻxshashga harakat qilaman.
- “Lokomotiv”da oʻynab ketganingiz uchun qaysi murabbiyga rahmat aytasiz?
- Menimcha hamma gap futbolchining oʻzida. Agar futbolchida harakat boʻlmasa, murabbiy ham uni qoʻymaydi. Ilk navbatda — harakat va mehnat. Keyin esa rohat. Endi oʻzimizga boʻlgan maqsadni oshirishga harakat qilaman.
- Toʻrt futbolchimiz milliy jamoalarga ketgani “Navbahor”ga qarshi oʻyinda qanchalik bilindi?
- Ularning jamoada oʻz oʻrni bor. Quvonch ikki qanot hujumida bemalol oʻynay oladi. Reimov esa jarohatdan qutulib, endigina safimizga qoʻshilgandi. Bizga kerakli futbolchi milliy jamoaga kerakliroq boʻlsa, albatta, ularning vatan uchun oʻynagani yaxshi. Balki, agar ular boʻlganida “Navbahor”ga qarshi boshqacharoq oʻynagan boʻlardik. Quvonch — oʻz yosh toifasida yetakchi futbolchilardan. U oʻz jamoasida barcha oʻyinlarda gollar uradi. Osiyo oʻyinlariga ketgan futbolchilar Oʻzbekiston bayrogʻini yuksaklarga koʻtarib, yorugʻ yuz bilan qaytishlariga tilakdoshman.
- Qaysi pozisiyada oʻzingizni erkin his qilasiz?
- Birinchi navbatda markaziy himoyachi sifatida oʻzimni erkin his qilaman. Oʻng qanot yoki tayanch himoyaga qoʻyishganda ham oʻzimni yoʻqotib qoʻymayman. Futbolchi sifatida biror joyga qoʻyilsa, rad qilishga haqqimiz yoʻq. Agarda darvozaga turish kerak boʻlsa, shunday qilamiz ham. Chunki bu — bizning kasbimiz.
- Agarda penalti tepish topshirilsa...
- Penaltilar tepishda usta emasman, uni tajribali insonlarga topshirgan boʻlardim. Chunki bu ilk navbatda jamoa uchun muhim.
- Mirko Yelichichning oʻziga xos tomonlari qanday?
- Jismoniy tayyogarlikka juda zoʻr eʼtibor beradi. Juda yaxshi inson. Har 4-5 kunda oʻyin boʻlishiga qaramasdan barchasiga eʼtibor bermoqda. Bu esa oʻyinga chiqqanda futbolchilarga qulaylik yaratib beradi. Tiklanish tez boʻlgani uchun mashgʻulotda qiyinchiliklar unchalik sezilmaydi. Mirko Yelichich jamoadagi barcha futbolchilarga ishonadi va oʻziga yaqin inson kabi koʻradi. Futbolchilarni soʻkib, ularga yomon gapirmaydi. Tun-u kun barcha uchun eshiklar ochiq. Jarohat olib qolsak, uning oʻzi ham davolashga tayyor turadi.
- “Lokomotiv” mavsumni qaysi oʻrinda tugatsa, koʻnglingiz toʻladi?
- Oʻzimiz uchun kuchli uchlikni maqsad qilib qoʻyganmiz. Agarda shunday boʻlsa, bu ilk navbatda Mirko Yelichichning mehnati evaziga boʻlgan, deb hisoblayman. Biz oʻyin bobida juda koʻp ishlaymiz, gaplashamiz. Kuchli uchlikka loyiqmiz. “Lokomotiv”ni hamma his qiladi. Ushbu mavsumda oʻzining chiroyli oʻyinlari bilan jamoa butun Oʻzbekistonga oʻzini koʻrsata oldi. Nasib qilgan boʻlsa, kuchli uchlikka ham kiramiz.
Oʻzbek futboli bilan ishlaydigan insonlar bor. Ular koʻp holatlarda bizning magʻlubiyatimizni aytishadi. “Xorazm” bilan oʻyinda hamma bizning 3 talab gol oʻtkazishimizni taxmin qilishdi. Lekin biz 3 ta gol urdik. “Navbahor” yoki “Dinamo” bilan oʻyinlarda ham shunday boʻlishini aytishgandi. Ular ham bizning qanday oʻyin koʻrsatganimizni koʻrib olishdi.
- Maydondagi qiziqqonlik ortda qoldimi?
- Ha, ortda qoldi. Ilk navbatda oilani oʻylayman. Yaqinda farzandli boʻldim. Bunday janjallar paytda oila koʻzdan oʻtarkan. Urushsak, janjal qilsak, futbol oʻynamaymiz, diskvalifikatsiya boʻlamiz va nonsiz qolamiz.
Abdulloh Yoʻldoshev — “Navbahor” bilan oʻyin, “Lokomotiv”ning maqsadi va pozitsiyasi haqida
Futbol
11 sentabr, 05:05
“Lokomotiv” himoyachisi klub matbuot xizmatiga intervyu berdi.
Foto: Lokomotiv PFC