«Qizilqum» klubi Superliganing 21-turida Samarqandda «Dinamo»ga qarshi maydonga tushdi. O‘yinda navoiyliklar 1:0 hisobida mag‘lub bo‘lishdi.
Bellashuvdan so‘ng «Qizilqum» bosh murabbiyi Jamshid Saidov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- Avvalo, ayrim vaziyatlarni to‘liq ko‘rib chiqishimiz, tahlil qilishimiz kerak. Umuman olganda, bugungi o‘yindan ham, yigitlarning harakatlaridan ham mamnunman. Maydonda bor kuchimizni berdik, yigitlar o‘zlarini to‘liq safarbar qilishdi. Bizni qo‘llab-quvvatlash uchun uzoq yo‘ldan kelgan muxlislarimizga ham rahmat aytaman. Endi navbatdagi uchrashuvlarga tayyorgarlik ko‘ramiz. Hali mavsum davom etmoqda, ikkinchi davra oldinda. Har bir ochko uchun kurashamiz.
- «Nasaf» va «Buxoro» ustidan qozonilgan g‘alabalardan keyin bugun jamoaga aynan nima yetishmadi, deb o‘ylaysiz?
- Shunchaki, o‘zimizda bo‘lgan imkoniyatlardan foydalana olmadik. O‘yin davomida futbolchilarimiz jarohat olishdi. Shunga qaramay, imkoniyatlarimiz bo‘ldi, faqat ulardan foydalana olmadik. Birinchi bo‘limda bir nechta vaziyatlar yaratdik, hatto gol ham urdik, ammo u hisobga olinmadi. Menimcha, yigitlarga aytgan barcha ko‘rsatmalarimizni ular imkoni boricha bajarishdi. Jamoa g‘alaba uchun o‘ynadi. Afsuski, omad bizning tomonda bo‘lmadi.
- O‘tgan uchrashuvda hissiyotlar yuqori edi. Bugungi o‘yinga jamoa unchalik tetik chiqmagandek taassurot uyg‘ondi. Bunga o‘sha uchrashuv ham ta’sir qilgan bo‘lishi mumkinmi?
- Ha, o‘yinlar orasidagi vaqt juda qisqa bo‘ldi. Menimcha, qayerdadir yigitlar to‘liq tiklanishga ulgurmagan bo‘lishlari mumkin. Bu omil ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan.
- Gol urilgan vaziyat haqida. Maydondan turib kuzatganimizda, hakamning ayrim kichik-kichik qarorlarida xatolar bordek ko‘rindi. Masalan, darvozabon to‘pni o‘yinga kiritayotganida unga sanoq berildi. Sanoҡ paytida esa hakam qo‘lini ko‘tarib, to‘p hali darvozabon oyog‘iga tegmasidan turib qo‘lini tushirib yubordi. Bu vaziyatga qanday qaraysiz?
- Men bunday vaziyatlarni hech qachon muhokama qilishni istamayman. Lekin har qanday holatda ham bunday epizodlarni ko‘rib chiqadigan, tahlil qiladigan qo‘mita bor, deb o‘ylayman. Ular vaziyatni ko‘rib, o‘rganib chiqishadi. O‘yindan keyin, ehtimol, ayrim epizodlarni o‘zim ham ko‘rib chiqarman. Lekin endi hech narsani o‘zgartirib bo‘lmaydi. Hakamga nisbatan qandaydir e’tirozlar bo‘lsa, ularni ham tegishli qo‘mita ko‘rib chiqadi. Xatolar bo‘lganmi yoki yo‘qmi — tahlil qilib chiqishadi.
- Oldingi uchrashuvlarda, ayniqsa kuchli raqiblarga qarshi bahslarda, ijobiy natijalar qayd etilgandi. Ammo ularning barchasi o‘z maydonida bo‘ldi. Shunday qarash bor: jamoa safarda o‘ynaganda, o‘zini yo‘qotmasa ham, baribir o‘z uyidagidek erkin harakat qila olmaydi. Sizningcha, maydon omili jamoaga qay darajada ta’sir qiladi?
- Bu ham muhim omil. Axir «uyda devorlar ham yordam beradi», deb bejiz aytishmaydi. Lekin bugun jamoamizda maydon omili sababli qandaydir bosim yoki noqulaylik bo‘lgan, deb o‘ylamayman. Bizda ham vaziyatlar bo‘ldi. Afsuski, ulardan foydalana olmadik. Futbolda doim shunday: sen gol urmasang, raqib senga gol uradi. Bizga gol urilgan vaziyatda himoyachilarimiz biroz shoshilib, vaziyatni to‘liq anglab yetmadi. Kerakli vaqtda to‘pni olib qo‘ya olmadik, vaziyatga munosib reaksiya bildira olmadik.
Yana bir bor aytaman: agar biz o‘z imkoniyatlarimizdan birini golga aylantirganimizda, ehtimol, o‘yin ssenariysi butunlay boshqacha bo‘lardi.
- Birinchi bo‘limdagi jamoa bilan ikkinchi bo‘limdagi jamoa o‘rtasida ma’lum farq sezildi. Albatta, «Dinamo» ham ikkinchi bo‘limda o‘yinini kuchaytirdi. Siz buni qanday baholaysiz?
- Men buni aynan shunday baholamagan bo‘lardim. Biz ikkinchi bo‘limda biroz sxemani o‘zgartirdik, qayta tuzildik. Himoyadan biroz uzoqlashib, qarshi hujumlar hisobiga o‘ynashga harakat qildik. Umuman olganda, ikkinchi bo‘limda ham yomon o‘ynaganimiz yo‘q. Shunchaki, qayerdadir «Dinamo»ga ustunlikni berib qo‘ydik.
Hisobga olinmagan gol esa, ehtimol, psixologik jihatdan ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. Futbolda psixologiya katta rol o‘ynaydi. Futbolchilar asabiylashadi, o‘z his siyotlarini tashqariga chiqaradi va qayerdadir «konsentratsiya» yo‘qoladi. Balki siz aytayotgan omil ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgandir», - deya Saidovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.