Bugun Superliganing 22-turi boshlandi. Namanganda «Navbahor» hamda «Dinamo» o‘rtasidagi uchrashuv qiziqarli o‘tdi va unda mezbonlar 3:2 hisobida g‘alaba qozonishdi. Samarqandliklar bosh murabbiyi Vadim Abramov esa o‘yindan keyingi matbuot anjumanida qatnashdi.
- O‘ynadik, harakat qildik. Qanday chiqdi? Qanday chiqqan bo‘lsa, shunday — birinchi bo‘lim qiziqarli o‘tdi, ikkita gol urdik. Afsuski, uchta gol o‘tkazib yubordik. Bilmadim…
- Vadim Karlenovich, jamoa qaysi vaziyatdan keyin pasayib ketdi? Go‘yo o‘yin tugagandek bo‘ldi, lekin hali vaqt bor edi. Juda ko‘p imkoniyatlar yaratdingiz. Balki bu psixologik jihatdan bog‘liqdir?
- Ikkita gol urganingda, ayniqsa mehmonda, keyin uchta gol o‘tkazib yuborsang, albatta, buni tushuntirish qiyin. Hozir aytish oson emas. Maydonda baribir futbolchilar o‘ynaydi. Muammo nimada ekanini ulardan so‘rash kerak bo‘ladi.
- Bugungi hakamlik haqida nima deya olasiz? Masalan, bir futbolchi maydonda uch daqiqa yotib qoldi, ammo hakam baribir besh daqiqa qo‘shib berdi.
- Mehmonda o‘ynadik. Namanganda har doim shunday bo‘ladi. Hozir yana nima deyish mumkin? Umid qilamizki, bir kuni Samarqandda ham shunday bo‘lar. Ko‘ramiz. Gol urdik, keyin esa o‘tkazib yubordik. Albatta, o‘zimizning juda ahmoqona xatolarimiz tufayli gollar o‘tkazib yubordik. Qanday qilib bunday himoyalanish mumkin?
«Navbahor»da bitta hujumchi bor edi, lekin jarima maydonida to‘rt nafar futbolchi turibdi. Burchak zarbasini o‘tkazib yubordik, keyin yana darvozadan tepilgan to‘pda darvozabon chiqib ketdi, bir futbolchi yakkama-yakka vaziyatga chiqdi... Qanday qilib bunday himoyalanish mumkin? Kulgili holat.
- Bugungi uchrashuvda futbolchilaringiz ko‘rsatmalaringizga to‘liq amal qilishdimi? Topshiriqlar bajarildimi?- Ehtimol, 3:2 hisobida yutqazganimizdan keyin «ko‘rsatmalarim to‘liq bajarildi», desam kerak-a? Bu yerda nima deyish mumkin? Afsuski, juda ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydik. Men kutmagan xatolar bo‘ldi. Hozir juda ko‘p savollar bor, lekin o‘yindan keyingi qizishgan paytda bu haqda gapirish qiyin.
Mehmonda o‘ynab, ikkita gol urib, keyin uchta gol o‘tkazib yuborish — bunday o‘ynashni bilish kerak. Albatta, «Navbahor» ham kuchli jamoa. Ehtimol, bugun ular shunchaki kuchliroq bo‘lib chiqishdi.
- Vadim Karlenovich, jamoaning muammolaridan biri — mehmonda o‘ynaganda futbolchilarga bosim bo‘lgan vaziyatlarda jamoada bu bosimga qarshi immunitet yo‘qdek taassurot uyg‘otmoqda. Jumaboyev bilan bog‘liq vaziyatdan keyin stadion birdan jo‘shib ketdi va bu futbolchilarga bosim qildi. Bunday holatlarda futbolchilar bosim ostida ham o‘z o‘yinini ko‘rsata olishi uchun nima qilish kerak? Shuningdek, Jumaboyevning o‘sha vaziyatdagi harakatini oqlaysizmi? Axir u stadiondagi muxlislarni qasddan jahllantirgandek bo‘ldi.
- Bu uning yo‘l qo‘yayotgan ahmoqona xatolaridan biri. Men o‘sha zahotiyoq unga baqira boshladim. Afsuski, bu aqldan emas, tushunyapsizmi? Shuning uchun bu — ahmoqona xato. Buning uchun sariq kartochka ham oldi, stadionni ham qo‘zg‘atib yubordi. Buning nima keragi bor edi? Ma’nosi nima? Gol urding — barakalla, shu bilan tamom. Lekin shu harakati bilan hammasini buzib qo‘ydi.
Menimcha, futbolchilar muxlislarning bosimidan qo‘rqib qolishmadi. Muxlislar bosimidan tashqari, gollarga ta’sir qilgan yana boshqa bir bosim ham bo‘ldi, tushunyapsizmi? Shu bois hozir bu haqda gapirgim kelmayapti. Vaziyatni xotirjamlik bilan ko‘rib chiqaman, hammasini tahlil qilaman. Keyin ko‘ramiz.
Bugun shunday qarorlar qabul qilindiki, ularni men uchun izohlash juda qiyin. Bizning futbolchilarimiz sariq kartochka olyapti, «Navbahor» futbolchisi esa umuman hech narsa olmayapti. Bu juda g‘alati.
Agar e’tibor bersangiz, Azizovni bo‘ynidan ushlab yerga yiqitishgan vaziyat bo‘ldi. Keyin «Navbahor»ning yana bir futbolchisi ataylab uning oyog‘ini bosdi. Bilmadim... Bu xuliganlikka xos harakat edi. Ammo, afsuski, hech kim unga munosabat bildirmadi.
Siz aytganingizdek, avval biz g‘alaba qozonarmidik? Sizga va’da beraman: keyingi o‘yinda qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, g‘alaba qozonamiz. Agar adashmasam, o‘tgan yili ham shu yerda penalti tepishda xato qilgan edik, to‘g‘rimi?
- FIFA kunlarida jarohat olgan futbolchilarning qaytishi kutiladimi?
- Kutish mumkin, ko‘ramiz. Afsuski, hozircha ulardan hech biri jamoaga qo‘shilib, to‘liq tayyor holatda o‘ynay olmaydi. Lekin umid qilamizki, shifokorimiz qandaydir choralarni ko‘radi va shu vaqt ichida kimnidir tayyor holatga keltira olamiz.
Umid qilamanki, Anvar jamoaga qo‘shiladi. Ehtimol, Qodirqulov ham safga qaytar. Ko‘ramiz. Hozircha aniq aytish qiyin», - deya Vadim Karlenovichning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.