«Aston Villa» klubi qishki transfer oynasida «Kristal Pelas» hujumchisi Jan-Filipp Matetani o‘z safiga qo‘shib olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Football Insider ma’lumotlariga tayanib xabar berilmoqda.
Manbaga ko‘ra, bir necha oydan buyon fransiyalik 29 yoshli forvardni kuzatayotgan birmingemliklar yanvar oyida uni transfer qilishga harakat qilishi mumkin. Klub o‘tgan yozda ham futbolchi bilan shartnoma imzolashga urinib ko‘rgan edi. Ammo klublar transfer qiymati bo‘yicha kelisha olishmagandi. Shuningdek, «Tottenhem» ham Matetaga qiziqish bildirmoqda.
Ma’lumot uchun, Matetaning «burgutlar» bilan shartnomasi 2027-yil yozigacha amal qiladi. U 2021-yildan beri jamoa sharafini himoya qilib kelmoqda. Hujumchi shartnomasining so‘nggi yili bo‘yicha klub bilan nizoga ham kirishgan va masalani FIFAga olib chiqqan edi. Biroq uning da’vosi qanoatlantirilmagan.