Aleksandr Garnacho «Aston Villa»ning «Koventri Siti»ga qarshi Liga kubogi 1/16 final bahsida zaxira o‘rindig‘ida qoldirildi. Bosh murabbiy Unai Emeri 22 yoshli futbolchini butun bahs davomida maydonga tushirmadi.
Garnacho shu tariqa ketma-ket uchinchi bahsda maydonga tushmadi. Argentinalik futbolchi ushbu mavsumda barcha turnirlarda atigi 31 daqiqa o‘ynagan.
Emeri Garnachoning hozircha jamoadagi boshqa futbolchilardan biroz ortda ekanini ta’kidladi.
«U ishlashda davom etishi kerak. Ishlash, mashg‘ulotlarda mehnat qilish. Maydonga tushish imkoniyati berilganda esa yaxshi o‘ynashga harakat qilishi lozim. U rivojlanmoqda, ammo hozir uning oldida turgan futbolchilar bor», — dedi Emeri.
Murabbiy ayni paytda boshqa hujumchilarning yaxshi sport formasida ekanini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Jorj Xemmings, Alisson va Ibrohim Mbaye jamoaga kerakli jihatlarni berib, asosiy tarkib uchun raqobatni kuchaytirmoqda.
Argentinalik vingerning «Aston Villa»dagi moslashuviga mavsumoldi tayyorgarlik paytida olgan yuz jarohati ham ta’sir ko‘rsatgan. Shu sababli u PSJga qarshi Superkubok finalini o‘tkazib yuborgan.
Garnacho «Chelsi»dan mavsum yakuniga qadar ijara asosida «Aston Villa»ga o‘tgan. Bitimda ma’lum shartlar bajarilgan taqdirda 42,5 million funtlik majburiy sotib olish bandi ham mavjud.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi