Bugun
39
O'zbek

Temur Kapadze: «Kojoga vaqt kerak, bizda vaqt yo‘q, bizga natija hozir kerak»

Eksklyuziv
17 sentabr, 15:03
«Navbahor» bosh murabbiyi «Dinamo»ga qarshi bahsdan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.
Temur Kapadze: «Kojoga vaqt kerak, bizda vaqt yo‘q, bizga natija hozir kerak»
Фото: Tribuna.uz
17.09.2026 FT O‘zbekiston Superligasi Navbahor Namangan Navbahor Namangan 3 : 2 Dinamo Samarqand Dinamo Samarqand

«Navbahor» klubi Superliganing 22-turida Namanganda «Dinamo»ni qabul qildi. Birinchi bo‘limdan keyin hisob 3:2 edi va yakunda ushbu natija o‘zgarmadi. Shu tariqa, namanganliklar yana g‘alaba qozondi. Uchrashuvdan so‘ng mezbonlar ustozi Temur Kapadze matbuot anjumanida savollarga javob berdi.

- Bugungi g‘alaba bilan «Navbahor» muxlislarini tabriklayman. Nafaqat uyda, balki har doim ishqibozlarimiz bizni yaxshi qo‘llab-quvvatlashyapti. Har bir g‘alabada ularning ham hissasi katta. O‘yinga keladigan bo‘lsak, qiyin uchrashuv bo‘ldi. «Dinamo» oson raqib emas. Albatta, xatolar bo‘ldi, keraksiz joyda gollar ham o‘tkazib yubordik. Lekin kuch topib, gol urdik, oldinga chiqdik. Undan keyin ham yana imkoniyatlarimiz bor edi. Asosiysi, g‘alaba qozondik, uch ochkoga ega bo‘ldik. Endi kichik ta’tilga chiqamiz va keyin tayyorgarlikni boshlaymiz.

- Darvozabonning harakatlariga qanday baho berasiz?

- Bunaqa xatolar bo‘lmasligi kerak. Lekin bo‘lib turadi. O‘tkir baribir bunday vaziyatlarda yaxshiroq harakat qilishi kerak. Xatosiz futbol bo‘lmaydi. Yaxshiyamki, biz kerakli gollarni urib, oldinga chiqib oldik. Barcha gollar birinchi taymda urildi. Ikkinchi taymda ham yaxshi vaziyatlarimiz bo‘ldi, ayniqsa, Husayn Norchayevda, u hal qilishi kerak edi. Umuman olganda, biz yaxshiroq o‘ynadik va kuchliroq edik.

- Zaxiradagi darvozabon Shukron Yo‘ldoshevga ham imkon berish mumkinmidi?

- Bo‘ladi. Ko‘ryapsizlar, har bir o‘yin qiyin va finalga teng. Anchadan beri o‘ynamagan darvozabonni sinab ko‘rishda nimani kutishni bilmaymiz. Vaqti keladi. Albatta, uning qanday darvozabon ekanini hammamiz yaxshi bilamiz. Jamoamizdagi har bir o‘yinchi foyda keltirish uchun harakat qiladi.

- Boshida rahbariyat tomonidan klub oldiga chempionlik yoki Kubok haqida aniq vazifa qo‘yilmagan degandingiz. Hozir esa jamoa kuchli uchlikda va Kubokda ham yurishini davom ettiryapti. Hozirgi vaziyatdan keyin maqsadlar o‘zgarishi mumkinmi yoki o‘zgardimi?

- Birinchi navbatda, boshida biz ham, rahbariyat ham real qaraganmiz. Jamoada 90 foiz yangi futbolchilar jamlangandi. Boshidan katta maqsad qo‘yish mantiqqa to‘g‘ri kelmasdi. Lekin rahbariyat ham, men ham bilardik — har bir uchrashuvda g‘alaba uchun chiqamiz. Yutqazishni yaxshi ko‘rmaymiz. Har o‘yinda kurashyapmiz, hozir ko‘rganingizdek, turnir jadvalida o‘yindamiz. Chempionatda ham, Kubokda ham oxirigacha kurashamiz. Qolganini vaqt ko‘rsatadi. Asosiysi, ochkolarimizni yo‘qotmasdan oxirigacha to‘plashimiz kerak. «Navbahor» har doim oldiga yuqori maqsadlar qo‘yadi, shunga intiladi. Har tomonlama katta oilaga aylandik. O‘ylaymanki, qiziqarli uchrashuvlar hali oldinda.

- Namanganlik muxlislar va jurnalistlar O‘tkir Yusupovning faoliyatidan xursand emasdek ko‘rinishyapti. Lekin mahalliy ishqibozlarning tarkibdan nolishlari asossiz. «Dinamo» tarixidagi eng yaxshi o‘yinchilardan biri bo‘lgan Kojo esa bugun «Navbahor» zaxirasida o‘tiribdi. Kojo zaxira hujumchisi sifatida sotib olinganmidi?

- Kojo jarohat olganidan keyin unga o‘ziga kelishi uchun vaqt berdik. Imkoniyat ham berdik. Albatta, bizda tanlov bor. Kim yaxshiroq, foydaliroq bo‘lsa, o‘shani qo‘yamiz. Bu raqobat, normal. Kojo jamoamiz a’zosi. U ham hissasini qo‘shyapti. Yana o‘yinlarimiz bor, chiqadi, hissasini qo‘shadi. Bizda asosiy tarkib degan narsa yo‘q. Men muammo ko‘rmayapman, sog‘lom raqobat. O‘tgan uchrashuvda Shohrux uning o‘rniga chiqib gol urdi, bugun ham adashmadik. Siz mening o‘rnimda bo‘lganingizda nima qilardingiz?

- Norchayev, Shohrux va…

- Shuning uchun muammo yo‘q. Shunaqa o‘yinchilarimiz borligidan xursandmiz. Qadrlaymiz, har biriga imkoniyat albatta bo‘ladi. Kimdir zaxiradan, kimdir asosiy tarkibda chiqadi. Jamoa uchun har biri 15 yoki 90 daqiqa bo‘ladimi, borini berishga tayyor. Albatta, qayerdadir xafa bo‘lishlari mumkin, bu oddiy narsa. Eng muhimi, jamoamizning g‘alabasi. Bu Kojoning ham jamoasi. Uning qanday o‘ynashini yaxshi bilamiz. Uzoq muddatli jarohatdan keyin endi qaytdi, unga vaqt kerak. Ammo bizda vaqt yo‘q. Bizga natija hozir kerak. Kim tayyor va foydaliroq bo‘lsa, o‘shani boshidan tushiryapmiz.

- Nima uchun tayanch zonasidagi Shohrux Abdurahmonovni markaziy hujumga qo‘ydingiz? Bu topilma yoki majburiyatdan kelib chiqqan qarormidi?
- Tanlovimiz bor edi. Norchayevda ozgina jarohat borligi uchun o‘tgan uchrashuvda o‘ynamadi. Hozir yaxshi tiklandi. Kojo variantimiz ham bor edi. Shohruxni bundan oldin Kubokda ham o‘ynatganmiz. Menimcha, hujumda o‘zini yaxshi his qilyapti. O‘tgan uchrashuvda yaxshi o‘ynagani uchun bu safar ham shu yerga qo‘ydik. Imkoniyatini bilgan holda yaxshi harakat qildi. Menimcha, ancha-muncha hujumchilardan foydaliroq harakat qildi. Albatta, sizlarga tashqaridan qaraganda unisi yoki bunisi bor ekan, deysizlar. Men har kuni jamoa bilan, futbolchilar bilanman. Mashg‘ulotlarda kim qanday formadaligini ko‘ryapman. Bugungi kunga kim qanday tayyorligiga qarab tarkib tuzamiz.

- Chempionlik uchun real imkoniyat paydo bo‘lganini his qilyapsizmi? Bir o‘yinda 6 ta gol o‘tkazib yuborgan «Neftchi» ham bexato jamoa emas. «Paxtakor» ham baribir barqaror emas. Oxirgi paytlardagi eng barqaror jamoa «Navbahor» bo‘lib turibdi.
- Balki. Lekin real olib qarasak, «Neftchi»ning ham, «Paxtakor»ning ham tarkibi yaxshi. Ular yana qanchalik ochko yo‘qotadi, buni vaqt ko‘rsatadi. Biz o‘zimizning o‘yinimizga, o‘zimizning ochkolarimizga qarashimiz kerak. OChL boshlandi, orada Kubok o‘yinlari ham bor. Ko‘ramiz. Ularga qarab qachon yo‘qotarkin, demasdan, o‘zimizning ochkolarimizni yig‘ishimiz kerak. Qolgani nasib.

- O‘zbekiston Kubogi chorak finaliga qur’a tashlandi. Bunga munosabatingiz.
- Nima deyishim mumkin? Pro liga jamoasi — «G‘azalkent» tushdi. Yaxshi, yosh yigitlardan jamlangan jamoa. Rahbariyat tomonidan ham yaxshi ish olib borilyapti. Professional klublarimizdan biri. Biz uchun ham qiziq bo‘ladi. Ungacha o‘yinlarimiz bor. Ammo pro liga jamoasi Superliga klubini yutdi. «Andijon» uyida «Olimpik Mobiuz» bilan qiynaldi. Shuning uchun har bir uchrashuvga jiddiy qarashimiz kerak. Maydonda hamma narsa hal bo‘ladi.

- O‘yindagi o‘zgarishlarni biroz kech amalga oshiryapsiz. Bu jismoniy holat bilan bog‘liqmi yoki boshqa sababi ham bormi?

- Zaxirani o‘yinni kuchaytirish uchun qilasiz. Futbolchilarning harakatlari a’lo darajada ketayotgan bo‘lsa, almashtirishga hojat qolmaydi. Zaxiradan maydonga tushganda u o‘yinni qanchalik kuchaytiradi, bilmaymiz. Har doim ham bu narsa amalga oshavermaydi. Chunki o‘yindagi ritm boshqa. Kim charchagan bo‘lsa yoki o‘yindan uzilib qolayotgan bo‘lsa, albatta yangi kuchlarni tushiraman. Reja bo‘yicha ham o‘yinchi almashishi mumkin.

- Muhammadali Usmonov ikkita o‘yindan beri maydonga tushmayapti…

- O‘tgan o‘yinda tushdi. Ozgina sifat bo‘lyapti. Uyda «Lokomotiv»ga qarshi uchrashuvda maydonga tushdi, ko‘p xatolar qildi. Keyin almashtirildi. Futbolchilarda qayerdadir sifat bo‘lishi mumkin, bu normal holat. Hozirgi kunda kimning qanchalik tayyorligiga qarab o‘yinchi almashtiryapmiz. Lekin uni yaxshi darajadagi futbolchi deb bilamiz. Yaxshi o‘yinlarini ham ko‘rdik. Ammo hozir ozgina pasayish bor», - deya Kapadzening so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Navbahor Namangan Navbahor Namangan
  • Dinamo Samarqand Dinamo Samarqand
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar