«Liverpul»ning sobiq futbolchisi Jeyms Milner klub akademiyasiga qo‘shildi. Bu haqda The Athletic nashri xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, yozda faoliyatini yakunlagan sobiq yarim himoyachi murabbiylik litsenziyasini olish ustida ishlamoqda. 40 yoshli Milner UEFA Pro litsenziyasi uchun mersisaydliklar akademiyasida tajriba to‘playdi.
Norasmiy kelishuv doirasida u muayyan bir yosh toifasidagi jamoani boshqarmaydi, balki akademiya murabbiylar shtabiga yordam beradi. O‘tgan dam olish kunlari u Kirkbidagi mashg‘ulot markazida 11 yoshgacha bo‘lgan jamoa bilan ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, Jeyms 2015–2023-yillarda «Liverpul» jamoasida to‘p tepgan. U klub safida barcha turnirlar doirasida 332 ta uchrashuvda maydonga tushgan. U klub bilan 2019-yilda Chempionlar ligasida g‘olib chiqdi, keyingi yili esa «Liverpul»ga Premyer-liga chempionligini qo‘lga kiritishda yordam berdi. Uning yutuqlari qatorida UEFA Superkubogi, klublar o‘rtasidagi jahon chempionati, Angliya kubogi va Liga kubogi ham bor. Futbolchilik faoliyati davomida «Manchester Siti», «Aston Villa», «Nyukasl», «Lids» va «Brayton» jamoalarida o‘ynagan.