“Mavsum juda uzoq”. Valdebebasda “Real”ning 2026/27 yilgi mavsumi oldidan berilayotgan asosiy savollardan biriga shu tarzda javob berishmoqda: eng yaxshi pozitsiyasi “o‘nlik” bo‘lgan Jud Bellinghem va Arda Gülerni asosiy tarkibga qanday joylashtirish mumkin?
Joze Mourinyo “Real”ning rasmiy mavsum boshlanishi arafasida o‘tkazgan to‘rtta o‘rtoqlik uchrashuvida jamoaning o‘sishini baholamoqda. Jamoa so‘nggi uch o‘yinda atigi bitta gol o‘tkazib yubordi. Ammo tarkibdagi eng iqtidorli ikki futbolchini bir vaqtning o‘zida maydonga tushirish masalasi Valdebebasda hamon dolzarb, deb yozmoqda Marca.
Iyerarxiya nuqtayi nazaridan qaraganda, Mbappe ortida, qanotlarda esa Vinisius va Diomande bilan birga o‘ynash uchun tanlov Bellinghem bo‘lishi kerak. Biroq ingliz futbolchisining terma jamoa yig‘inidan kech qaytgani sabab biroz o‘zgacha kechgan mavsumoldi tayyorgarlik yana bir bor shuni ko‘rsatdiki, sof “o‘nlik” pozitsiyasi “Real”ga uch yil oldin kelganidan beri jamoada o‘z o‘rnini izlayotgan Arda Güler uchun eng qulay pozitsiya bo‘lib qolmoqda.
Aslida, shu shanba kuni “Espanyol”ga qarshi uchrashuv bilan yakunlanadigan mavsumoldi tayyorgarlik davrida Arda “Real”ning eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘ldi. Bundan tashqari, uning Mbappe bilan ajoyib tushunishuvi ham bor va bu ham ko‘plab golli uzatmalarda o‘z aksini topdi. Turk futbolchi “Real”ning “o‘nligi” o‘yinini eng yaxshi tushunadi, ayniqsa uning raqib himoyasi ortiga tezlik bilan yorib kirishlarini. Sobiq “PSJ” futbolchisi Vinisius yoki Bellinghem bilan bunday tushunishga hali erisha olmadi. Diomande bilan qanday bo‘lishi esa hali noma'lum.
Boshqa tomondan, iyerarxiya masalasi ham bor. Hozirgi bosqichda “Real”da barcha darajalardagi ahamiyati nuqtayi nazaridan Bellinghem Ardadan ustun ekaniga hech kim shubha qilmaydi. Albatta, sport nuqtayi nazaridan ham. Bu Jahon chempionatida yana bir bor tasdiqlandi. Jud Keyn ortida va ikki qanot hujumchisi juda keng joylashgan holda o‘ynab, o‘zining eng kuchli jihatini qayta namoyish etdi: maydon markazining deyarli istalgan nuqtasidan zarba berish pozitsiyasiga yetib bora oladigan futbolchi ekanini ko‘rsatdi. Inglizlar safida Bellinghem yelkasidagi jarohatdan keyin qariyb ikki yil davomida qiynalgan jismoniy muammolardan nihoyat halos bo‘lib, o‘zining jismoniy va texnik imkoniyatlariga mos muhitda o‘ynasa, “Real”da ham, milliy jamoada ham asosiy tarkibdan chetda qolmasligi kerakligini ko‘rsatdi.
Bunday katta hujumkor salohiyatga ega ikki futbolchini bir vaqtda maydonga joylashtirish Mourinyo o‘yinlar davomida qabul qilishi kerak bo‘lgan qarorlarning faqat bittasi, xolos.
Ammo bu yagona masala emas. Ikki tayanch yarim himoyachi bilan o‘ynash sxemasi ham murabbiy uchun muhim vazifalardan biri. Nazariy jihatdan u texnik jihatdan kuchli futbolchi — Bernardu Silvani himoyaviy vazifalarni bajaradigan Valverde, Tchuameni yoki Kamavinga bilan juftlashtirishi kerak. Ardaning universalligi esa uni “miya” roli uchun ham variantga aylantiradi. Chunki Bellinghem va Gülerdan biri pozitsiyasini o‘zgartirishi kerak bo‘lsa, bu turkiyalik futbolchi bo‘lishi deyarli aniq.
Mourinyo “Real”dagi ilk kunlaridanok Jud uchun ideal pozitsiya o‘tgan mavsumdagiga deyarli aloqasi yo‘qligini ochiq aytgandi. O‘sha mavsumda Bellinghem ko‘p o‘yinlarda raqib darvozasidan uzoqda, hatto qanotga yaqin joyda harakat qilgandi. Mourinyo esa uni markazda va raqib jarima maydoniga erkin yorib kirish imkoniyati bilan ko‘rishni istaydi.
Haqiqatan ham, mavsum juda uzoq. Jarohatlar, diskvalifikatsiyalar, futbolchilarning jismoniy holatidagi yuqori va past nuqtalar bo‘ladi. Mourinoning o‘z g‘oyasi bor, ammo u biror uslubga ko‘r-ko‘rona yopishib olmaydi. Qanday bo‘lmasin, u har biri o‘z uslubiga ega va yangi “Real”ning asosiy futbolchilari bo‘lishi kutilayotgan ikki hal qiluvchi o‘yinchi o‘rtasidan tanlashdek yoqimli muammoga duch kelmoqda.
“Real” dushanba kuni Valdebebasdagi yopiq tadbirda Joze Mourinioni yangi bosh murabbiy sifatida rasmiy tanishtirdi. Madrid shahridagi “Real” shaharchasining majlislar zalida o‘tkazilgan marosimda portugaliyalik mutaxassis, klub prezidenti Florentino Peres va faxriy prezident Xose Martines Pirri ishtirok etdi. Mourinyo klub bilan uni 2029 yil iyun oyiga qadar bog‘lab turadigan shartnomaga imzo chekdi.
“Bu uyga qaytish. His-tuyg‘ular nuqtayi nazaridan birinchi martaga qaraganda hozir yanada go‘zal. O‘shanda dunyoning eng yuqori cho‘qqisiga kelganimni his qilgan bo‘lsam, bu safar ko‘proq hissiy va samimiy tuyg‘ular bor. Men sizlardan biriman, doimo shunday bo‘lganman. “Real” uchun ishlash men uchun nimani anglatishini tasavvur qilishingiz mumkin. Hamma amal qilishi kerak bo‘lgan asosiy tamoyil shu: “Real” uchun ishlash, ya'ni sizlar uchun ishlash”, — dedi portugaliyalik mutaxassis tanishtiruv marosimidan keyin.
Bu Mourinoning “Real” bosh murabbiyi sifatidagi ikkinchi faoliyati bo‘ladi. Uning 2010–2013 yillardagi birinchi davri jamoaga Ispaniya chempionati, Ispaniya kubogi va Ispaniya Superkubogida g‘alaba keltirgan. Mourinyo 10 iyul kuni, “Real” mavsumoldi tayyorgarligini boshlagan kunda, yana klub emblemasi tushirilgan futbolkani kiydi va qaytishi haqidagi dastlabki taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
“So‘zlar yetarli emas… Chunki bu men uchun oddiy ish emas, bu missiyaga o‘xshaydi. Gap o‘zim, ko‘proq yo kamroq sovrin yutishim haqida qayg‘urishda emas. Men hammaga yaxshiroq bo‘lishga yordam berish uchun keldim: futbolchilarga, shtabga… Mehnat, mas'uliyat, ambitsiya va men yaxshi biladigan yana bir tuyg‘u — “Real”da ishlash mas'uliyati va sharafiga asoslangan madaniyatni yaratish. Menga bu tushuncha juda yoqadi”, — dedi Mourinyo.
“Real” bosh murabbiyini muxlislar ishtirokisiz va matbuot anjumansiz, yopiq tadbirda tanishtirishga qaror qildi. Bu klub shu yozda jamoaga qo‘shilgan bosh murabbiy va barcha yangi futbolchilarning taqdimoti uchun belgilangan yangi tartibdir. Kukurella, Bernardu Silva, Konate, Dümfris, Karlos Espi va Diomande kabi yangi futbolchilarning taqdimot marosimlari ham yaqin kunlarda xuddi Mourinioniki kabi yopiq formatda o‘tkaziladi.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi