Jyul Kунdening tiklanishi kutilganidan ko‘proq vaqt talab qiladi.
«Barselona» himoyachisi 17-oktyabr kuni «Betis»ga qarshi bahsda chap to‘pig‘i bog‘lamlarini cho‘zib olgan edi. Dastlab futbolchining tiklanishi taxminan bir hafta davom etishi kutilgandi. Biroq oradan 30 kun o‘tgan bo‘lsa-da, fransiyalik futbolchi hali to‘liq mashg‘ulotlarga qaytish uchun zarur jismoniy holatga kela olmadi.
Diario Sport nashri ma’lumotiga ko‘ra, Kunde FIFA kunlari sabab yuzaga kelgan tanaffusdan keyingi ilk mashg‘ulotda ham «Barselona»ning umumiy guruhiga qo‘shila olmadi.
Futbolchining tiklanishi cho‘zilishi mumkinligi haqidagi dastlabki belgilar boshidanoq namoyon bo‘lgan. «Betis»ga qarshi o‘yindan keyin Kunde jamoa avtobusidan qattiq oqsoqlangan holda tushgani ko‘zga tashlangan. Shish qaytgach, futbolchining o‘zi ham noqulaylik saqlanib qolayotganini va davolanish dastlab rejalashtirilganidan ko‘proq vaqt talab qilishini anglab yetgan.
«Barselona» navbatdagi o‘yinini 22-noyabr, yakshanba kuni «Vilyarreal»ga qarshi o‘tkazadi. Kunde imkon qadar tezroq safga qaytishga intilmoqda. Biroq uning qaydnomaga kiritilishi jamoadoshlari bilan to‘liq mashg‘ulotlarda qatnashishi va ortib boradigan jismoniy yuklamalarga dosh bera olishiga bog‘liq. Hozircha uning bo‘lajak bahsda ishtirok etishi so‘roq ostida qolmoqda.
Shu bilan birga, yarimhimoyachi Dani Olmo chap sonining yaqinlashtiruvchi mushagi jarohati tufayli qariyb bir oylik tanaffusdan so‘ng umumiy guruh mashg‘ulotlariga qaytdi. Futbolchi 20-oktyabr kuni Chempionlar ligasi doirasida «PSJ»ga qarshi bahsda jarohat olgandi. Dastlab uning tiklanishi taxminan bir oy davom etishi kutilgan bo‘lsa-da, so‘nggi haftalarda sezilarli ijobiy o‘zgarishlarga erishildi. Endi ispaniyalik futbolchi jamoa bilan mashg‘ulotlarda qatnashishga tayyor.
Klub Danining «Vilyarreal»ga qarshi uchrashuvda maydonga tushishiga umid qilmoqda. Biroq uning safga qaytishga tayyorligi borasidagi yakuniy qaror umumiy guruhdagi mashg‘ulotlardan keyin organizmining holatiga qarab qabul qilinadi.
Kunde va Olmoning qachon safga qaytishi mumkinligi ma’lum qilindi
Futbol
16 noyabr, 11:00
Fransiyalik himoyachi hamon «Barsa»ning umumiy guruh mashg‘ulotlariga qo‘shilmadi.
Foto: Getty Images