«Manchester Yunayted» egalari Maurisio Pochettinoni bosh murabbiylik lavozimiga tayinlash bo‘yicha birgalikda qaror qabul qilishgan.
Avvalroq Maykl Kerrik iste’foga chiqqach, Gleyzerlar oilasi argentinalik mutaxassisni mustaqil ravishda tayinlashga qaror qilgani, shu orqali klub texnik direktori Jeyson Uilkoks va futbolchilarni saralash bo‘yicha direktori Kristofer Vivell tanlagan nomzodlar e’tiborsiz qoldirilgani haqida xabar berilgandi.
Ayrim manbalarning fikricha, Pochettinoning tayinlanishi Joel va Avram Gleyzerlarning klub qarorlariga ta’siri Jim Retkliff 2024-yil fevral oyida klubga kelganidan keyingi davrga nisbatan yanada kuchaygani natijasi bo‘lgan.
Shu bilan birga, Gleyzerlar oilasini yaxshi taniydigan manbalarning ta’kidlashicha, ularga qat’iy talablar qo‘yish xos emas. Biroq ular klubdagi voqealarni diqqat bilan kuzatib boradi va zarur hollarda o‘z pozitsiyalarini sezilarli tarzda bildirishlari mumkin. Bu haqda The Athletic nashri yozmoqda.
Gleyzerlar oilasi va Pochettino o‘rtasidagi bog‘lovchi shaxslardan biri — milliarder Ken Griffin hisoblanadi. U 2024-yilda murabbiy tayinlangan vaqtda AQSH futbol federatsiyasiga moliyaviy yordam ko‘rsatgan. Griffin 2005-yilda Gleyzerlarga «Manchester Yunayted»ni sotib olishda ham yordam bergan.
Biroq manbalar bu holatdan qandaydir yashirin ma’no izlamaslik kerakligini ta’kidlamoqda. Pochettinoning tayinlanishidagi asosiy omil klubdagi futbol rahbariyatining qarori bo‘lgan. Bu qaror mutaxassisning shartnomasida tovon puli evaziga kelishuvni bekor qilish bandi mavjudligi ma’lum bo‘lganidan keyin qabul qilingan.
Manbalarning ta’kidlashicha, Retkliff ham ushbu tayinlovni to‘liq qo‘llab-quvvatlagan. «Aston Villa»ga qarshi o‘yindan uch kun oldin o‘tkazilgan va barcha asosiy direktorlar ishtirok etgan ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishida bir ovozdan qaror qabul qilingan: agar Kerrik bilan hamkorlik tugatilsa, uning o‘rniga aynan argentinalik mutaxassis taklif etilishiga kelishilgan.
Klub rahbariyati va egalari o‘rtasida kelishmovchiliklar borligi haqidagi mish-mishlar qat’iyan rad etilmoqda. Shuningdek, Pochettino to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borilgan yagona nomzod bo‘lgani ta’kidlanmoqda.
O‘tgan hafta Retkliffning INEOS kompaniyasi tomonidan Monakoda tashkil etilgan sammit doirasida bir qator muhokamalar bo‘lib o‘tgach, klub bosh direktori Omar Berrada AQSH futbol federatsiyasi bilan bog‘landi. U «Manchester Yunayted» Pochettinoning shartnomasidagi 10 million dollar evaziga sotib olish bandini faollashtirish niyatida ekanini ma’lum qildi.
«MYU»da Pochettinodan boshqa nomzod ko‘rib chiqilmagan
Futbol
16 noyabr, 10:35
Retkliff argentinalik mutaxassisni bosh murabbiylikka tayinlash borasida kelishmovchilik bo‘lganini rad etdi.
Foto: Getty Images