Argentinalik 18 yoshli futbolchi Abel Nunes o‘yin vaqtida yuz bergan baxtsiz hodisadan so‘ng shifoxonada vafot etdi.
TyC Sports nashrining xabar berishicha, hodisa payshanba kuni AFA Juveniles C turniri doirasidagi «Eseysa» va «Deportivo Munis» yoshlar jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv vaqtida sodir bo‘lgan.
Nunesning boshiga to‘p tekkan. «Eseysa» futbolchisiga voqea joyida tibbiy yordam ko‘rsatilgan, shundan so‘ng u shifoxonaga yotqizilgan. Hodisa sababli bellashuv to‘xtatilgan.
Shifoxonada futbolchi operatsiya qilingan, biroq uning ahvoli yaxshilanmagan. Yakshanba kuni «Eseysa» klubi Abel Nunes vafot etganini rasman ma’lum qildi.
Klub bayonotida shunday deyiladi: «Bu — klubimiz tarixidagi eng og‘ir xabar. Chuqur qayg‘u va alamda butun hayoti hali oldinda bo‘lgan yosh yigit bilan xayrlashmoqdamiz. Uning vafoti qalbimizda so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydigan bo‘shliq qoldirdi.
U bizning libosimizni faxr bilan kiyib maydonga tushgandi. Uning vafoti munosabati bilan cheksiz qayg‘udamiz.
Bugun futbol ikkinchi o‘ringa tushdi. Biz jamoadoshimiz, orzu-umidlarga to‘la yosh yigit va oilamizning bir a’zosi bilan alamli tarzda xayrlashyapmiz.
«Eseysa» klubi nomidan ushbu og‘ir damlarda uning oilasi, do‘stlari, jamoadoshlari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiramiz va ularni qo‘llab-quvvatlaymiz.
Joying jannatda bo‘lsin. Sen doimo oilamizning bir qismi bo‘lib qolasan».
Argentinada 18 yoshli futbolchi boshiga to‘p tegishi oqibatida vafot etdi
Futbol
16 noyabr, 12:47
«Eseysa» klubi futbolchi Abel Nunesning vafot etganini ma’lum qildi.
Foto: Getty Images