«Real» vingeri Vinisius Junior Jahon chempionatidan keyin Braziliya milliy jamoasiga nisbatan bildirilgan tanqidlar haqida o‘z fikrini bildirdi.
«Jahon chempionatidan keyingi tanqidlar — bu tabiiy holat. Muxlislar to‘rt yil davomida g‘alabani kutishdi, biz esa butun mamlakatning umidlarini oqlay olmadik. Meni 16 yoshimdan, ya’ni «Real»ga sotilganimdan beri tanqid qilishadi. Har kim xohlagan gapini aytishini tushunib yetdim va o‘zimga foyda keltiradigan tanqidlarni qabul qilishim kerakligini angladim.
Milliy jamoa safida ko‘plab o‘yinlarda yaxshi harakat qilmaganman. Klublarda o‘rtoqlik bahslariga oddiy o‘yindek qarashadi. Milliy jamoada esa o‘rtoqlik uchrashuvlari ham xuddi Jahon chempionatidek ahamiyatga ega ekanini tushunishim uchun vaqt kerak bo‘ldi. Har doim o‘yinga tayyor bo‘lishim kerak. Muxlislar uchun bu shunchaki o‘rtoqlik uchrashuvi ekanining ahamiyati yo‘q. Men maydonga tushishim, gol urishim va jamoamning g‘alaba qozonishiga yordam berishim kerak. Buni anglab yetishim uchun ham vaqt talab qilindi.
Avvallari milliy jamoaga kelganimda do‘stlarim bilan vaqt o‘tkazishdan zavqlanardim, natijada ko‘pincha o‘yindan chetda qolib ketardim. Endi fikrlash tarzimi o‘zgartirdim. Ikkita Jahon chempionatida yomon ishtirok etmadim, ammo eng muhim pallada o‘zim kutgan darajada o‘ynay olmadim.
Keyingi mundialda 30 yoshda bo‘laman. Tajribam ko‘proq bo‘ladi, o‘yinni yaxshiroq tushunaman. Muxlislar esa biz g‘alaba qozonmagunimizcha tanqid qilishda davom etishadi», — deya Vinisiusning so‘zlarini keltiradi Globo Esporte.
Vinisius: «Braziliya safida o‘rtoqlik bahslari ham JCh darajasida qabul qilinishini anglab yetdim»
Futbol
16 noyabr, 14:20
«Real» vingeri milliy jamoaga bildirilayotgan tanqidlar hamda navbatdagi mundialda o‘ynashi haqida gapirdi.
Foto: Getty Images